9

2025 yil 16 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yoshlar press klubi”da vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchilari ishtirokida navbatdagi muhokama yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda yoshlar siyosati sohasidagi dolzarb masalalar, amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligi hamda yoshlar bilan ishlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish boʻyicha amaliy takliflar muhokama qilindi.

Yigʻilishda davlat organlari va tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, yoshlar masalalari boʻyicha masʼul xodimlar ishtirok etib, “Rahbar va yoshlar” hamda “Vazir va yoshlar” formatlarida oʻtkazilayotgan uchrashuvlarning natijadorligini tahlil etdilar. Shuningdek, yosh kadrlar bilan individual ishlash tizimini takomillashtirish, mavjud muammolarni bartaraf etish va yoshlar siyosatiga oid vazifalar ijrosini baholashga qaratilgan TOP REYTING (KPI va indikatorlar) tizimi loyihasi muhokama qilindi.

Yigʻilishda “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazining yoshlar ishlari boʻyicha maslahatchisi Sherzod Boboyev ham faol ishtirok etdi. U oʻz chiqishida markaz tomonidan yoshlar oʻrtasida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, ijtimoiy soʻrovlar va ularning natijalari haqida axborot berdi.

Yigʻilish yakunida ishtirokchilar tomonidan yoshlar bilan ishlash sohasida davlat va jamoat tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, yosh kadrlarning ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardagi faolligini oshirish, yoshlar faoliyatini ilmiy asosda tahlil qilish hamda ularning gʻoyaviy-mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga qaratilgan bir qator amaliy takliflar ishlab chiqildi.

Shu tariqa, “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazining “Yoshlar press klubi”dagi ishtiroki yoshlar siyosati sohasidagi dolzarb yoʻnalishlarda ilmiy-tadqiqot faoliyatini amaliy natijalar bilan uygʻunlashtirish, davlat idoralari va jamoat tashkilotlari oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, yosh avlodning ijtimoiy-ruhiy rivojlanishiga hissa qoʻshish yoʻlida muhim qadam boʻldi.