15

«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazida «Oʻzbekistonda jamoatchilik fikrini oʻrganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usullar, nazariya va amaliyot» doimiy ilmiy-amaliy seminari doirasida «Prezident murojaatnomasi doirasida mahallaning oʻrni: jamoatchilik fikri va joylardagi amaliyot» mavzusida davra suhbati oʻtkaziladi.

Tadbir 2026 yil 23 yanvar kuni soat 14:00 da «Ijtimoiy fikr» markazi majlislar zalida boʻlib oʻtadi. Seminar Prezident murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarni joylarda amalga oshirishda mahallaning oʻrnini jamoatchilik fikri asosida tahlil qilishga qaratilgan. Shuningdek, mahalla instituti faoliyatiga nisbatan aholining munosabati, sotsiologik soʻrovlar natijalari va amaliyotda uchrayotgan masalalar muhokama qilinadi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmitalari, fuqarolik jamiyati institutlari, mahalla va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari hamda «Ijtimoiy fikr» markazi xodimlari ishtirok etadi.

Davra suhbatida Prezident murojaatnomasi yuzasidan oʻtkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalari, fuqarolarning mahalla faoliyati haqidagi fikrlari hamda aholi bilan yuzma-yuz soʻrovlar jarayonida joylardagi amaliy tajriba yuzasidan maʼruzalar taqdim etiladi. Tadbir yakunida ishtirokchilar oʻrtasida fikr-mulohazalar almashinuvi oʻtkazilib, umumiy xulosalar shakllantiriladi.

Mazkur ilmiy-amaliy muhokama jamoatchilik fikrini oʻrganish sohasidagi dolzarb masalalarni chuqur tahlil qilish va mahalla instituti faoliyatini takomillashtirishga xizmat qiladi.