31.03.2026
8
ODAM SAVDOSI HAQIDA JAMOATCHILIK OGOHLIGI — BARQAROR JAMIYAT OMILIDIR
Odam savdosi bugungi globallashuv sharoitida inson huquqlari, shaxsiy erkinlik va qadr-qimmatga qarshi qaratilgan eng xavfli transmilliy tahdidlardan biri sifatida namoyon boʻlmoqda. U nafaqat alohida shaxslar taqdiriga izdan chiqaruvchi taʼsir koʻrsatadi, balki jamiyatda ijtimoiy barqarorlik, ishonch va adolat tamoyillariga ham jiddiy putur yetkazadi.
Shu nuqtai nazardan, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi mazkur muammoning dolzarbligini hisobga olgan holda, aholi orasida odam savdosi xavflari, uning sabab va oqibatlari hamda oldini olish mexanizmlariga oid jamoatchilik fikrini tizimli ravishda oʻrganib kelmoqda. Markaz tomonidan muntazam ravishda olib borilayotgan sotsiologik tadqiqotlar aholining odam savdosi haqidagi xabardorlik darajasini aniqlash, xavf guruhlarini belgilash va ularning ijtimoiy-psixologik xususiyatlarini chuqur tahlil qilish, profilaktika chora-tadbirlarining samaradorligini baholash hamda davlat va jamoat institutlari faoliyatiga nisbatan jamoatchilik munosabatini oʻrganish kabi muhim yoʻnalishlarni qamrab olgan.
Olingan tahlil natijalari inson savdosiga qarshi kurashish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni takomillashtirish, aholi orasida huquqiy ong va hushyorlikni oshirish, shuningdek, profilaktik ishlar samaradorligini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Siz oʻzingizdan soʻrab koʻring — odam savdosi xavflari haqida yetarli maʼlumotga egamisiz va yaqinlaringizni bu tahdiddan himoya qilish uchun qanday choralar koʻryapsiz?
Jamiyatda ogohlik qanchalik yuqori boʻlsa, ushbu illatga qarshi kurash shunchalik samarali boʻladi.
Mazkur videorolik Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi moliyaviy koʻmagida tayyorlangan.


