30

Muqaddas Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan barcha yurtdoshlarimizni samimiy muborakbod etamiz. Ushbu muborak oy jamiyat hayotida ma’naviy yangilanish, sabr-toqat, bag‘rikenglik va saxovat tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etadigan, insonparvarlik qadriyatlari yanada mustahkamlanadigan davr sifatida e’tirof etiladi. Ramazon oyi nafaqat diniy ibodatlar, balki ijtimoiy hamjihatlik, o‘zaro ko‘mak va xayriya madaniyati faollashuvi bilan ham ahamiyatlidir.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan «Fuqarolarning muqaddas Ramazon oyi, xayriya va ehtiyojmand aholi qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralariga munosabati» mavzusida sotsiologik tadqiqot o‘tkazish boshlandi.

Mazkur tadqiqotni amalga oshirishdan asosiy maqsad aholining xayriya amaliyoti, saxovat va ijtimoiy mas’uliyatga doir qarashlari, Ramazon oyining shaxs va jamiyat hayotidagi o‘rni, ehtiyojmand qatlamlarga ko‘mak berish amaliyoti hamda davlat tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash siyosatining jamoatchilik tomonidan qanday qabul qilinayotganini kompleks o‘rganishdan iborat.

Tadqiqot jarayonida fuqarolarning xayriya bilan shug‘ullanish darajasi, yordam ko‘rsatish shakllari, ko‘mak kanallari, xayriyaga undauvchi ijtimoiy va ma’naviy omillar, xayriya institutlariga ishonch, shaffoflikka munosabat, shuningdek, Ramazon oyiga ijtimoiy-psixologik yondashuvlar o‘rganiladi. Ayni paytda ro‘za tutish, jamiyatdagi so‘nggi yillarda kuzatilgan qadriyatlar transformatsiyasi va diniy-ijtimoiy faollik dinamikasi haqida fuqarolarning fikr-mulohazalarini bilishdan iborat.

Tadqiqotda davlat tomonidan Ramazon oyi munosabati bilan amalga oshirilayotgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari, ehtiyojmand oilalar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga qaratilgan yordam dasturlari yuzasidan jamoatchilik fikri alohida o‘rganiladi. Fuqarolarning mazkur tashabbuslarga munosabati, ishonch darajasi va kutilmalarini aniqlash tadqiqotning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.