14.02.2024
245
11-fevral Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni
10 fevral kuni I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahri filialidagi “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” hamda “Chet tillar” kafedrasi professor-oʻqituvchilari tashabbusi bilan 11-fevral Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan, “Olima xotin-qizlar jamiyat koʻzgusidir” nomli davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Yangi Oʻzbekistonning shakllanishida ilmiy kadrlar tayyorlash tizimining rivojlanishi muhim omillardan biridir. Bugungi kunda respublikamiz ilmiy-tadqiqot institutlarida 700 nafardan ortiq fan doktori, olti nafar akademik xotin-qizlar ilmiy faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, respublikamizda “Ilm fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinib, unda ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy tamoyillaridan biri sifatida ilmiy ijod va axborot erkinligi, samaradorlik va ijodiy raqobat, belgilangan.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi ilmiy muassasalarda uch mingga yaqin xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali olib borishmoqda. Oʻzbekistonlik olima xotin-qizlar kimyo, biotexnologiya, qishloq xoʻjaligi va boshqa koʻplab sohalarda oʻzlarini namoyon qilishmoqda. Ularning ilmiy mehnati xorijiy ilmiy tadqiqot markazlari tomonidan yuqori baholanib kelinmoqda. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori boʻlgan 240 nafar qizning 42 nafari taʼlim, 24 nafari ilm-fan sohasida oʻz ilmiy faoliyatlari bilan yutuqqa erishganlar. Shuningdek, 2020-yil 29-oktabrda Prezidentimiz Farmoni bilan 2030-yilgacha ilm-fanni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Ushbu konsepsiyada ilmiy kadrlar tayyorlash, olima xotin-qizlar obroʻ-eʼtiborini yuqori darajaga koʻtarish borasidagi vazifalar koʻzda tutilgan.
Tadbirda iqtisod, sotsiologiya va texnika fanlari boʻyicha falsafa doktorlari, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi, “Sharq ayoli” xalqaro xotin-qizlar jamgʻarmasi, respublikamiz oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari, yetakchi olima ayollar, shuningdek, filialning stipendiant talaba-qizlari ishtirok etishdi.
Mazkur davra suhbatida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi, ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari V.S.Alekseeva soʻzga chiqib “Ijtimoiy fikr” markazida ilmiy-innovatsion dasturlarni amalga oshirish mavzusida maʼruza qilib, markaz tomonidan gender tadqiqot rejasi doirasida oʻtkazilayotgan tadqiqotlar haqida davra suhbati ishtirokchilariga maʼlumot berdi.
Davra suhbatining yakunida ilmiy sohani rivojlantirish, professor-oʻqituvchilar va talabalarning ilmiy tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida filialning “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi bilan kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.