16.12.2023
167
12-14 dekabr kunlari poytaxtimizda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tashkil topganining 80 yillik yubileyi keng nishonlandi.
1943 yil 4 noyabrda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tashkil qilindi. Bu yil uning 80 yillik yubileyi keng nishonlanyapti. Oʻzbekiston ilm-fanida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi asosiy va ulugʻ dargoh hisoblanadi. Fanlar akademiyasi ushbu, tarix uchun qisqa, insoniyat va ilm-fan uchun ulkan bir davr ichida katta va murakkab yoʻlni bosib oʻtib, umum eʼtirof etilgan, jahon ilmiy jamoatchiligining nufuzi hamda hurmatini qozongan ilm-fan markaziga aylandi.
Ushbu qutlugʻ sanada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi 80 yilligi munosabati bilan yurtimizda ilm-fan sohasida faoliyat olib borayotgan olim va akademiklar, iqtidorli tadqiqotchilar, doktorant hamda aspirantlarni, barcha ilmiy xodimlarga tabrik yoʻlladi.
Tabrikda prezidentimiz, “Akademiya tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, uning tarkibida yangi ilmiy tashkilotlar ochilib, tizimdagi muassasalar soni qariyb 1,5 barobar koʻpaydi. Ularni toʻgʻridan-toʻgʻri davlat byudjetidan moliyalashtirish tartibi yoʻlga qoʻyildi.
Yetakchi olimlar, isteʼdodli yosh ilmiy xodimlarning faoliyati va ilmiy tadqiqotlarini qoʻllab-quvvatlash, jamiyatda ilm-fan namoyandalarining obroʻ-eʼtibori va nufuzini oshirish doimo eʼtiborimiz markazida boʻlib kelmoqda. Soha vakillarining ish haqi hamda doktorantlarning stipendiyasi 3 barobar, akademiklarning gonorari 2 martadan ziyod oshirilgani, ilmiy darajaga ega ilmiy xodimlarning maoshiga 60 foizgacha ustama haq toʻlash tizimi joriy etilgani buni tasdiqlaydi.
Shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ilmiy va innovatsion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmalar yaratish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlarni belgilab oldik. Xususan, ilm-fanga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 2025 yilga qadar 6 marta, 2030 yilgacha esa 10 marta oshirishni rejalashtirganmiz.
Bunday strategik vazifalarni amalga oshirishda birinchi navbatda sizlar kabi ilm-fan namoyandalarining ulkan salohiyatiga tayanamiz. Biz yurtimizdagi barcha olim va tadqiqotchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ilmiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash uchun bundan buyon ham zarur kuch va imkoniyatlarni ishga solamiz”, degan soʻzlari barcha ilm-ahlini ruhlantirdi.
Bugungi kunda Akademiyaning uchta hududiy filiali — Qoraqalpogʻiston va Navoiy filiallari, shuningdek, Xorazm Maʼmun akademiyasi mavjud. Shuningdek, akademiya 40 dan ortiq ilmiy boʻlimlarni, shu jumladan tashkiliy jihatdan uchta boʻlimga birlashtirilgan 36 tadqiqot institutini oʻz ichiga oladi: fizika, matematika va texnika fanlari; kimyoviy, biologik va geofanlar; ijtimoiy va gumanitar fanlar.
Shular qatorida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi doimiy ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda jamoatchilik fikrini oʻrganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usullar, nazariya va amaliyot” doimiy xalqaro ilmiy-amaliy seminarlarini sotsiologik oʻqishlar doirasida oʻtkazib boradi.
Ushbu hamkorlikdan koʻzlangan maqsad, yangi voqeliklar sharoitida Oʻzbekiston jamiyatining rivojlanishi, zamonaviy taʼlimning muammo va istiqbollari, shuningdek, zamonaviy dunyoda ilm-fanning oʻrni masalalari, jamoatchilik fikri soʻrovlari — fuqarolik jamiyatining fuqarolar ijtimoiy kayfiyati va orzu-umidlarini aks ettiruvchi va uzatuvchi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga siyosiy sohada, biznes, mamlakat ijtimoiy hayotida toʻgʻri qarorlar qabul qilishda koʻmaklashuvchi muhim vositasi hisoblanadi. Jamoatchilik fikrini oʻrganishning koʻp yillik tajribasi shubhasiz bir faktni tasdiqlaydi: ijtimoiy tizimda inson roli va oʻrnining oʻsib borishi bilan bogʻliq holda fuqarolarning fikrini tadqiq etishning rivojlanishi yana ham dolzarblashadi, har bir kishining fikri shunchaki ilmiy qiziqish uygʻotibgina qolmay, balki istiqbolda ijtimoiy rivojlanishning maqsad va yoʻnalishlarini tanlashda katta amaliy ahamiyatga ega boʻlib boradi.
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi jamoasini ushbu tarixiy va sharafli sana 80 yillik yubileyi bilan chin dildan tabriklaydi, barcha ilm-ahliga kuch-gʻayrat, shijoat, sogʻlik-salomatlik, xonadoningizga baxt-saodat, ijtimoiy va ilmiy faoliyatingizga omadlar tilaymiz.