01.12.2025
14
“Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida 2025 yil 1 dekabr kuni Oliy Majlis Senati binosida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining Senat rahbariyati bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Mazkur muloqot fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish va davlat–jamiyat munosabatlarida ochiqlikni taʼminlashga qaratilgan haftalik ahamiyatli tadbirlaridan biri boʻldi.
Uchrashuvda parlament aʼzolari, fuqarolik jamiyati institutlari va NNT rahbarlari, jamoat fondlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmita raisi, Parlament komissiyasi raisi oʻrinbosari Abdulxakim Eshmuratov ochib, mamlakatda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, NNT sektorining huquqiy asoslarini takomillashtirish va fuqarolik faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida toʻxtalib oʻtdi.
Kirish qismida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senat Raisi Tanzila Narbayeva, Senat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Odiljon Mamatkarimov va Senat aʼzosi Malika Qodirxonova nutq soʻzladilar. Spikerlar fuqarolik jamiyati rivojida shaffoflik, huquqiy ishonch, aholining faol pozitsiyasi va davlat organlari bilan NNTlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikning strategik ahamiyatiga eʼtibor qaratdilar.
Tadbir davomida Senat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Sayyora Abdikarimova fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga doir qonunchilikdagi yangilanishlar, ularning amaliyotdagi ahamiyati va jamoatchilik nazorati mexanizmlari haqida maʼlumot berdi. Shundan soʻng nodavlat notijorat sektori vakillari Oliy Majlis jamoat fondining Surxondaryo viloyat boʻlinmasi rahbari— Nuriddin Jumayev va “Dialog” NNT direktori Muxtor Bekmirzayevlar oʻz tajribalari, hududlardagi faoliyat samaradorligi va jamoatchilik bilan muloqot masalalari yuzasidan fikr bildirdi.
Ushbu uchrashuvda “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori Raximova Nigina Xayrullayevna ham ishtirok etdi. Markaz rahbari jamoatchilik fikri yoʻnalishidagi amaliy izlanishlar va ularning siyosiy, ijtimoiy qarorlar qabul qilishdagi oʻrni haqida oʻz nuqtai nazarini bildirdi.
Tadbir savol-javob qismida davom etib, ishtirokchilar NNTlar faoliyati, huquqiy asoslar, davlat-jamiyat hamkorligini yanada mustahkamlash borasida oʻz fikr va takliflarini bildirdi.



