05.02.2026
41
2026 yil 2 fevral kuni taniqli iqtisodchi olim, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Abduraxmanov Qalandar Xodjayevichning 80 yillik yubileyi keng jamoatchilik ishtirokida tantanali ravishda nishonlandi. Ushbu sana mamlakat ilmiy hayotida muhim voqea sifatida oʻtdi va akademik olimning iqtisodiyot fanini rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasini yana bir bor eʼtirof etdi.
Yubiley tadbirida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori Raximova Nigina Xayrullayevna hamda markazning ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha direktor oʻrinbosari Seitov Mansur Sherikbayevich ishtirok etdilar. Ular oʻz chiqishlarida akademik olim Abduraxmanovning mehnat iqtisodiyoti, inson kapitali va zamonaviy iqtisodiy jarayonlarni ilmiy asosda tahlil qilishdagi oʻrnini alohida taʼkidladilar.
Akademik olim Abduraxmanov Qalandar Xodjayevichning yarim asrdan ortiq davom etgan ilmiy va pedagogik faoliyati mamlakat iqtisodiy fanining rivojlanishida muhim oʻrin egallaydi. U tomonidan mehnat iqtisodiyoti sohasida shakllantirilgan ilmiy maktab inson kapitali, bandlik va mehnat munosabatlarini tahlil qilishning zamonaviy yondashuvlarini belgilab berdi. Olimning xalqaro miqyosda nashr etilgan fundamental asarlari jahon akademik muhitida keng eʼtirof etilgan boʻlib, iqtisodiy tafakkur taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshdi.
Shu bilan birga, akademik olim sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyot sharoitida mehnat bozorida yuz berayotgan chuqur transformatsiya jarayonlarini ilmiy asosda tadqiq etib, zamonaviy iqtisodiy rivojlanishning yangi konseptual yoʻnalishlarini ilgari surdi. Yuzlab shogirdlar tayyorlagan ustoz sifatida u butun bir olimlar avlodini kamolga yetkazdi. Uning ilmiy merosi va xizmatlari milliy hamda xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan yuqori baholanib, iqtisodiyot fanining mustahkam poydevori sifatida eʼtirof etilmoqda.




