10

GENDER TENGLIGI VA KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH: ILMIY TADQIQOTLAR VA JAMOATCHILIK FIKRI AHAMIYATI

Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida gender yondashuvlarini rivojlantirish, mazkur yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini muhokama qilish hamda xalqaro tajribalarni o‘rganishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Davlat tashkilotlari, xalqaro institutlar, ekspertlar, tadqiqot markazlari va fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtirgan mazkur muloqot maydonida korrupsiya va gender tengligi masalalarining o‘zaro bog‘liq jihatlari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bo‘lim boshlig‘i Umida Xalikova ishtirok etdi. Uchrashuv doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatida gender omillarini hisobga olish, jamoatchilik fikrini muntazam o‘rganish hamda qaror qabul qilish jarayonlarida ilmiy tadqiqotlar natijalaridan samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Bugungi kunda korrupsiya nafaqat iqtisodiy va huquqiy muammo, balki ijtimoiy taraqqiyot, teng imkoniyatlar va adolat tamoyillariga ta’sir ko‘rsatuvchi murakkab ijtimoiy hodisa sifatida baholanmoqda. Shu bois korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda gender ekspertizasi alohida ahamiyat kasb etadi. Gender tahlili turli ijtimoiy guruhlar, xususan, xotin-qizlar va erkaklarning davlat xizmatlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik va ijtimoiy himoya sohalarida korrupsiyaviy xavflarga duch kelish xususiyatlarini aniqlash imkonini beradi.

Mutasaddilar va ekspertlar ta’kidlaganidek, gender ekspertizasi davlat dasturlari va islohotlarning aholi turli qatlamlariga ta’sirini baholash, korrupsiya omillarini chuqurroq anglash hamda profilaktik choralarni manzilli tashkil etishda muhim vosita hisoblanadi. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bilan bir qatorda, ijtimoiy adolat va teng imkoniyatlar tamoyillarini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi mamlakatimizda korrupsiya mavzusidagi ijtimoiy jarayonlarni muntazam o‘rganib kelmoqda. Markaz tomonidan o‘tkazilayotgan sotsiologik tadqiqotlarda korrupsiyaning asosiy shakllari va sabablari, aholining korrupsiyaga munosabati, korrupsiyani qabul qilish darajasi, turli sohalardagi korrupsiyaviy xavflar hamda ularning jamoatchilik ongidagi aks etishi tahlil qilinadi.

Shu bilan birga, markaz tadqiqotlarida gender o‘lchoviga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, korrupsiyaning ijtimoiy oqibatlari va uning turli aholi qatlamlariga ta’sirini to‘liq baholash uchun genderga oid ma’lumotlar va tahlillar muhim ahamiyatga ega. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ilmiy asoslangan yondashuvlarni shakllantirish imkonini yaratadi.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, korrupsiyaga qarshi samarali siyosatni shakllantirishda jamoatchilik fikrini o‘rganish, aholining muammolarga munosabatini tahlil qilish va gender ekspertizasini keng qo‘llash muhim ahamiyatga ega. Aynan shu kabi tadqiqotlar orqali korrupsiyaning yashirin mexanizmlari, xavf omillari va ularning ijtimoiy oqibatlarini aniqlash mumkin bo‘ladi.

Mazkur tadbir korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilmiy tadqiqotlar rolini kuchaytirish, gender tengligini ta’minlashga qaratilgan yondashuvlarni rivojlantirish hamda davlat organlari, ilmiy muassasalar va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim muloqot maydoni sifatida ahamiyat kasb etdi. Bunday tadqiqotlar va ekspertlik muhokamalari mamlakatimizda ochiqlik, shaffoflik va ijtimoiy adolat tamoyillarini yanada mustahkamlashga qaratilgan islohotlarning ilmiy asosini boyitishda muhim o‘rin tutadi.