30.12.2024
41
Yangi yil – bu faqat taqvimdagi yangi sana emas. Bu har birimiz uchun yangi orzular, yangi umidlar, yangi imkoniyatlar eshigini ochadigan moʻjizaviy palladir. Ushbu bayram har bir yurakda ezgu niyatlar uygʻotadi, oilaviy birdamlik va quvnoqlik bilan bizlarni yanada yaqinlashtiradi. Mamlakatimizda Yangi yil nafaqat bayram, balki ezgu niyatlar bilan yangi hayotni qarshi olish ramziga aylangan.
Yurtimizda Yangi yil munosabati bilan shaharlarimizda archalar goʻzal bezatilgan, koʻchalarda chiroqlar va rang-barang yoritgichlar oʻrnatilgan. Kechki payt shaharlarimizdagi bayramona shukuh har bir qalbni toʻldirishi shubhasiz.
Yangi yil oʻyinchoqlari hamda bezaklari, milliy taomlar va quvnoq yorqin bezaklar bilan toʻlgan bozorlar va yarmarkalar bayram kayfiyatini yanada jonlantiradi.
Mamlakatimizdagi barcha xiyobonlarda, koʻngilochar joylarda savdo markazlarida bolajonlarimiz uchun qiziqarli archa bayramlari, teatr-tomoshalari, mashhur sanʼatkorlarning konsertlari va madaniy tadbirlar hamma uchun bayramona kayfiyat ulashadigan muhit shakllantirilgan.
Yangi yilni togʻlar bagʻrida qorli manzaralar ostida kutib olish istagida boʻlganlar uchun togʻ dam olish maskanlarida maxsus tadbirlar tashkil qilinmoqda.
Yurtimizdagi boquvchisini yoʻqotgan bolalar, keksa insonlar va kam taʼminlangan oilalar uchun xayriya aksiyalari oʻtkazilib, bayram quvonchi hammaga ulashilmoqda.
Aziz vatandoshlar! Yangi yil – orzular haqiqatga aylanadigan, qalblarda eng quvnoq hislar uygʻonadigan ayyom. “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi jamoasi barchangizni Yangi 2025 yil bilan chin qalbdan muborakbod etadi! Sizga ezgu niyatlar va bayramona kayfiyat tilaydi! Bu yil hayotingizga yangi muvaffaqiyatlar, tinchlik va baxt olib kelsin. Har bir kun qiziqarli sayohatlar, quvonchli lahzalar va yorqin his-tuygʻularga boy boʻlsin.
Oilangiz tinchlik va totuvlikda yashasin, orzularingiz amalga oshsin va yangi marralar sizga zavq bagʻishlasin! Bayram dasturxoningiz toʻkin-sochin, yuraklaringiz esa mehr va quvonchga toʻlsin!
Yangi yilingiz muborak boʻlsin Azizlar!