184

4 iyun kuni Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha tadqiqotlar instituti hamkorligida tashkil etilgan “Birgalikda farovonlik va barqaror rivojlanish sari oʻzaro manfaatli hamkorlik” mavzusida “Markaziy Osiyo – Xitoy” tahlil markazlari IV forumi boshlandi.

Mazkur forumda Ijtimoiy fikr Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktorining fan va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari, sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, PhD., V.S.Alekseeva ham ishtirok etdi. 

Ushbu tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil may oyida Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Sian shahrida boʻlib oʻtgan sammitida eʼlon qilgan tashabbusini amalga oshirish doirasida oʻtkazilmoqda.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, Xitoy va mintaqadagi besh mamlakat yetakchi “aql” markazlari hamkorligini yoʻlga qoʻyish muhimligini taʼkidlab, “tahlil institutlari, olimlar va mutaxassislar strategik yondashuvlar, kompleks tavsiya va qarorlar, mintaqaviy va global miqyosda tub burilish yasaydigan loyihalar ishlab chiqishi lozim”, degan edi.

Shu nuqtai nazardan mamlakatimiz yetakchisi tomonidan XXR va Markaziy Osiyo davlatlari milliy rivojlanish strategiyalarini uygʻunlashtirish masalasiga bagʻishlangan Xalqaro ekspertlar konferensiyasini oʻtkazish taklifi bildirilgan edi. Mazkur taklif ushbu tadbirni hayotga tatbiq etilishi yoʻlidagi dastlabki qadam sifatida baholash mumkin.

Eslatib oʻtamiz, “Markaziy Osiyo – Xitoy” tahlil markazlari forumini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror XXR va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirliklari rahbarlarining 2021 yil may oyida boʻlib oʻtgan uchrashuvi yakuni boʻyicha qabul qilingan.

Birinchi forum 2021 yil noyabr oyida Pekinda onlayn formatda, ikkinchisi 2022 yil noyabr oyida Pekinda gibrid formatda, uchinchisi esa 2023 yil sentyabr oyida Sian shahrida oflayn shaklda oʻtkazildi. Toʻrtinchi yigʻilish ilk bor Xitoydan tashqarida  Oʻzbekiston Respublikasida oʻtkazildi.