20.05.2024
156
Joriy yilning 17-may kuni Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti “Ijtimoiy ish” kafedrasi tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi, “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi, Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi hamkorligida “Inson kapitali ijtimoiy davlatni barqaror rivojlantirish omili sifatida” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi.
Ushbu konferensiyada “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori Raximova Nigina Xayrullaevna “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish muammolari” mavzusida hamda Markaz direktorining birinchi oʻrinbosari Xadjimuxamedov Marat Karimovich “Gender tengligini taʼminlashning umuminsoniy va milliy jihatlari” mavzusida oʻz fikr mulohazalari, taklif tavsiyalari bilan ishtirok etishdi.
Shuningdek, Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida M.Auezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universiteti, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oʻzbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi va “Intilish” Respublika axborot taʼlim markazining vakillari, 20 ga yaqin hamkor tashkilotlar, shu bilan birga professor-oʻqituvchilar, amaliyotchi mutaxassislar, ilmiy xodimlar, doktorantlar, izlanuvchilar, magistrlar va talabalar shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Mazkur konferensiya doirasida ijtimoiy himoya tizimi, ijtimoiy xizmat koʻrsatish, nogironligi bor shaxslarni qoʻllab-quvvatlash, qiyin vaziyatda qolgan yoshlar va xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab quvvatlash, oila va gender kabi yoʻnalish va sohalarga oid maʼruzalar tinglandi.
Shuningdek ushbu konferensiyada xalqaro va mahalliy ekspert va olimlar, soha mutaxassislari ijtimoiy ishning yangi innovatsion modellarini ishlab chiqish, rivojlangan davlatlarning ilgʻor tajribalarini oʻrganish, ijtimoiy ishga investitsiyalarni jalb qilish, mamlakatda ijtimoiy modellarni joriy qilish, ijtimoiy ishni tashkil qilishda idoralararo integratsion faoliyatni yoʻlga qoʻyish kabi dolzarb masalalarni muhokama qildilar.