9

Fuqarolar kitob mutolaasi haqida: qiziqishlar va afzalliklar

Hozirgi kunda kitob oʻqish madaniyati va unga boʻlgan qiziqish jamiyatning intellektual rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Fuqarolarning kitob mutolaasiga boʻlgan munosabati, ularning afzal koʻrgan asarlari va janrlari haqidagi tahlillar kitobxonlik madaniyatining shakllanishiga taʼsir koʻrsatadi.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi tomonidan Fuqarolar kitob mutolaasi haqida: qiziqishlar va afzalliklar mavzusidagi jamoatchilik fikri soʻrovini oʻtkazishni boshladi.

Tadqiqot oʻtkazishdan maqsad yurtdoshlarimiz oʻrtasida, turli yosh guruhlarida kitobga boʻlgan qiziqishlarini aniqlash, yurtdoshlarimiz koʻproq qaysi janrlardagi kitobga qiziqish bildirayotganligini tahlil qilish, shuningdek, elektron kitoblar va audiokitoblarga boʻlgan talab qandayligini aniqlashni ham oʻz ichiga olgan.

Bundan tashqari, kitobxonlar koʻproq qaysi mualliflarning asarlarini oʻqishlari, mutolaa uchun koʻpincha qanday joylarni tanlashlari, kitobxonlar kitoblarni asosan qayerdan olishlari haqida fikr mulohazalarini oʻrganishdan iborat.

Shuningdek, respublikamizda kitobxonlikni keng targʻib qilish maqsadida 2017 yildan buyon “Yosh kitobxon” tanlovi tashkil etilmoqda. Mazkur tanlov yosh avlodning kitobga boʻlgan qiziqishini oshirish, ularni badiiy va ilmiy adabiyotga jalb etish maqsadida oʻtkaziladi.

“Yosh kitobxon” tanlovi faqatgina yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish emas, balki ularni ijodiy va tanqidiy fikrlashga oʻrgatishda ham muhim oʻrin tutadi. Bu kabi tadbirlar jamiyatda kitob mutolaasiga boʻlgan qiziqishni kuchaytirishga va maʼnaviy rivojlanishga hissa qoʻshadi.