20.12.2023
230
KORRUPSIYAGA QARSHI BIRGALIKDA
2023 yil 19 dekabr kuni O‘zbekiston poytaxtida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Xalqaro mukofotni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Toshkentdagi Kongress markazida 40dan ortiq davlat delegatsiyalari, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari to‘planishdi. Mukofotlanganlarga yuksak mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va ushbu nufuzli mukofot asoschisi hisoblangan Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy topshirdilar.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro mukofotni topshirish marosimida so‘zlagan nutqida qayd etdiki, “korrupsiya butun insoniyatga, barcha jamiyatlar asosiga, iqtisodiy taraqqiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan, demokratik institutlar rivojiga to‘sqinlik qiladigan xatarli tahdiddir va u barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi rejalarimizga ham jiddiy putur yetkazadi”.
Davlatimiz rahbari “korrupsiyaga qarshi kurashish har bir sof vijdonli insonning, demokratik jamiyat va davlatning muqaddas burchidir”, deb ta’kidladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz “Transparency International” indeksida 42 pog‘onaga ko‘tarildi, 2030 yilga qadar mazkur reytingda O‘zbekistonning o‘rnini yana 50 pog‘onaga yaxshilash maqsadi qo‘yilgan.
Davlatimiz Rahbari “Demokratik islohotlar ortga qaytmas tus olgan Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham katta reja va vazifalarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz”, deb ta’kidladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiyaga qarshi kurashishni ta’minlash, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olish va ularga barham berish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Korrupsiyaning oldini olish tizimini joriy etish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash orqali davlat boshqaruvida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
O‘zbekistonda davlat organlari, tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari samaradorligini oshirish, jamiyat hayotining barcha jabhalarida korrupsiyaning oldini olish, jamiyatda korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda korrupsiya xavf-xatarlarini aniqlash va tizimli tahlil qilish hamda ularni yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etish uchun mas’ul bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining tashkil etilishi muhim qadam bo‘ldi. Davlat hokimiyati organlari va yirik tadbirkorlik sub’ektlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalangan holda ko‘plab sohalarda korrupsiya va suiiste’mollikning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar joriy etilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning eng murakkab masalalaridan biri uning o‘lchovi bilan bog‘liq. Korrupsiya o‘lchovining ahamiyati shundan iboratki, u eng ko‘p korrupsiyalashgan soha va institutlarni, korrupsiyaga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash; ushbu omillarni zararsizlantirish va korrupsiya ko‘lamini minimallashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish imkonini beradi. Korrupsiya o‘lchovining o‘zi korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini amalga oshirishning kuchli vositasidir: tadqiqotlar natijalari jamiyat e’tiborini korrupsiya xavfiga jalb qiladi va kuchaytiradi hamda davlat institutlariga bosim o‘tkazishiga yordam beradi. Korrupsiyani o‘lchash orqali monitoring qilish korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni yanada samarali amalga oshirishga yordam beradi. Shu boisdan O‘zbekistonda nafaqat korrupsiyaga qarshi kurashishga, balki unga qarshi kurashishda tegishli va samarali boshqaruv qarorlari va dastaklarini ishlab chiqish maqsadida uning jamiyat hayotining eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida rivojlanish darajasini o‘lchashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Korrupsiya masalalari bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganish doimiy asosda amalga oshirilib, uning natijalaridan korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini takomillashtirish jarayonida foydalanilmoqda.
“Ijtimoiy fikr” RJFO‘M korrupsiyaga qarshi kurashishning tahliliy bazasini mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirmoqda, jumladan, ular alohida tarmoqlarda korrupsiyaning ko‘lami va shakllarini aniqlashga qaratilgan, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi to‘g‘risida aholining fikr va tasavvurlarini to‘plash va tahlil qilish maqsadida tadqiqotlar va jamoatchilik fikri so‘rovlarini o‘tkazishni qamrab oladi.
Markaz tomonidan o‘tkazilgan keng ko‘lamli tadqiqot korrupsiya fenomenini chuqurroq anglash, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, korrupsiyaning davlat va jamiyat hayotiga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan samarali antikorrupsiya dasturlarini ishlab chiqishga yordam beradi.
Mamlakat fuqarolarining tadqiqot davomida olingan fikriga ko‘ra, agar fuqarolarning huquqiy ma’rifati va ommaviy axborot vositalarida korrupsion xulq-atvorning sabablari, shartlari, ko‘lami va ijtimoiy oqibatlari bilan bog‘liq dolzarb masalalarni ochiq muhokama qilish asosida qadriyatlarning tubdan boshqacha tizimi shakllantirilsa, jamiyatda korrupsiya darajasini kamaytirish imkoni bor. Jamiyatda ijtimoiy xulq-atvorning yagona to‘g‘ri shakli sifatida fuqarolarda korrupsiyani ichdan rad etish munosabatini shakllantirish zarur. Jamiyatda korrupsiyani qat’iyan rad etish muhitini shakllantirish kerak. Fuqarolik, huquqiy, siyosiy madaniyat va ma’lumot darajasi yuqori bo‘lgan faol, erkin, mas’uliyatli shaxslarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish juda muhim, chunki korrupsiya minimallashtiriladigan huquqiy, samarali davlat qurishdagi navbatdagi muvaffaqiyatlar aholining progressiv qismi bo‘lgan faol inson sifatida ularga bog‘liq. Aynan jamiyatning o‘z fuqaroviyligini anglashi mamlakatda korrupsiyaga qarshi faol faoliyat yuritish uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy salohiyatni shakllantirishning hal qiluvchi omilidir.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha navbatdagi ishlar yuzasidan taklif va yo‘nalishlarni shakllantirish, xususan, xizmatlar ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan vaqtni maksimal darajada qisqartirish lozim ko‘rinadi, chunki ularning davomiyligi ko‘pincha fuqarolarni korrupsion kelishuvga undaydigan omil hisoblanadi. Shuningdek, xizmatlar ko‘rsatish tartib-taomillarini imkon qadar soddalashtirish, ularni shaffof va fuqarolar tomonidan nazorat qilinadigan holga keltirish zarur. Fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlari buzilishi ehtimolining oldini olish, hech qanday suiiste’mollikka yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bugungi kunda hisob-kitob va hisobotni yuritish hujjatlari va ma’lumotnomalarining butun bir tizimi yaratildi. Ammo, afsuski, bu korrupsiyaga nisbatan umuman to‘siq emas, balki uning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar bo‘lib qoldi. Ushbu byurokratik to‘siqlarni chetlab o‘tish uchun jinoiy ehtiyoj yuzaga keladi va ayrim shaxslarning o‘z xizmat mavqeidan foydalanishga tayyorligi bunga javob bo‘ladi.
Mamlakat aholisining keng qatlamlari o‘rtasida korrupsiyaga mutlaqo murosasizlikni rivojlantirish uchun ma’rifiy ishlar ko‘lami va sifatini sezilarli darajada oshirish zarur. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish mavzusidagi ma’lumotlar muntazam ravishda barcha ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi kerak, fuqarolarni korrupsion munosabatlarga jalb qilish xavfi yuqori bo‘lgan tashkilot va idoralarda korrupsioner mansabdor shaxslarga qarshi kurashish bo‘yicha plakatlar, bukletlar, flayerlarni joylashtirish, ayniqsa, muhimdir.
Bunda mahalliy hamjamiyatlar, mahallalar yetakchilari, jamoat arboblari va din peshvolari, ijodkor ziyolilar vakillarini korrupsiyaga qarshi targ‘ibot-tashviqot ishlariga o‘rgatish va keng jalb etish muhim ahamiyatga ega.
Tadqiqot shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatimiz fuqarolarining aksariyati korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning korrupsiyaga olib kelayotgan sabab va shart-sharoitlarning oldini olish, aniqlash va ularga chek qo‘yishga qaratilgan chora-tadbirlarni ijobiy baholamoqda.
O‘tkazilgan tadqiqot natijalari davlatning korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasi va jamiyat hayotidan bu baloni bartaraf etish chora-tadbirlari aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani va ma’qullanayotganidan dalolat beradi. Aksariyat so‘rov ishtirokchilarining fikricha, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi amalga oshirilayotgan kurashish strategiyasi korrupsiya uchun zarur shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiya xavfini aniqlash va minimallashtirish, korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamli ma’rifat va aholi o‘rtasida korrupsiyaga qarshi madaniyatni shakllantirish yo‘li bilan korrupsiya darajasini tubdan qisqartirishga qodir.