138

1-iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

Yozning birinchi kuni kirib kelishi bilan birga yurtimizda Xalqaro bolalar kuni ham katta tantana sifatida keng nishonlanadi. Ushbu kun mamlakatimizda oʻquv yilining tugashi va yozgi taʼtil boshlanishi bilan kirib keladi, barcha bolajonlar uchun bu kunda yaqinlari tomonidan turli xil sovgʻalar tayyorlanadi, koʻngil ochar joylarda, yurtimiz bogʻlarida bayram dasturlari uyushtirilib bolajonlar koʻngli shod etiladi. 

Shuningdek bolalarni himoya qilish kuni ota-onalar va barcha kattalarga bolalar dunyosi nozik ekanligini, unga tayanch va himoya kerakligini eslatishga qaratilgan, ularning oldiga qator vazifalarni qoʻyadigan masʼuliyatli bayramdir.

Bolalarni himoya qilish kuni ilk bor 1950-yilda 51 ta mamlakatda tantanali ravishda nishonlandi. Ushbu bayram 1949-yil Xalqaro demokratik ayollar federatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan. Yurtimizda ham xar yili 1-iyun kuni Xalqaro bolalar kuni sifatida bayram qilib nishonlanadi.

Shuni eʼtirof etish kerakki, bolaning shaxsiyati toʻliq va barkamol rivojlanishi uchun u sogʻlom oilaviy muhitda, baxt va muhabbat ogʻushida, oʻzaro tushunish hamda qoʻllab quvvatlash ruhida oʻsishi kerak.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi yurtimizdagi barcha bolalarni ushbu bayram bilan tabriklaydi va har bir bolaga mustahkam sogʻlik va baxtiyor bolalikni tilaydi.

Bayramingiz muborak boʻlsin aziz bolajonlar!