14

2025 yil 11 iyundan boshlab “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan mamlakatimiz aholisi oʻrtasida “Odam savdosi: xabardorlik, sabablar, oqibatlar va qarshi kurashish” mavzusida respublika miqyosida keng qamrovli sotsiologik soʻrov oʻtkazilishi boshlandi. Ushbu tadqiqot – odam savdosining koʻlamini aniqlash, aholining xatarlarga munosabati va himoyaviy ongini oʻrganishda muhim ilmiy-amaliy qadam hisoblanadi.

Mazkur soʻrovnoma aholining turli qatlamlari, jumladan, yoshlar, mehnat muhojirlari, xotin-qizlar va ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj guruhlar oʻrtasida oʻtkaziladi. Ushbu soʻrovnomadagi savollar orqali respondentlarning shaxsiy tajribasi, axborot manbalari, xatar omili, davlat siyosatiga ishonch darajasi va inson huquqlari toʻgʻrisidagi bilimlari nuqtai nazaridan tahlil qilish imkonini beradi.

Markaz tomonidan ishlab chiqilgan soʻrovnoma shakli xalqaro mezonlar, BMTning Odam savdosiga qarshi konvensiyasi va Oʻzbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Qonunida nazarda tutilgan tamoyillarga tayanilgan.

Soʻrovda respondentlarga odam savdosining shakllari (mehnat ekspluatatsiyasi, jinsiy zoʻravonlik, inson tanasi aʼzolari savdosi, nikoh bilan bogʻliq aldash holatlari va h.k.) haqidagi maʼlumotlar, xavfli holatlar va jinoiy mexanizmlar toʻgʻrisidagi bilim darajasi, vaziyatga munosabat, huquqiy maʼlumotga egalik kabi koʻrsatkichlar asosida fikr-mulohazalari oʻrganiladi. Shuningdek, oʻzi yoki yaqinlarining tajribasiga ega boʻlgan respondentlarning javoblari alohida tahlil qilinadi.

Ushbu soʻrovning dolzarbligi nafaqat huquqbuzarlikni bartaraf etish, balki keng jamoatchilikda alohida yondashuv va inson qadrini anglashni kuchaytirish bilan ham bogʻliq. Xalqaro tashkilotlarning maʼlumotlariga koʻra, odam savdosi global miqyosda giyohvandlik va qurol savdosidan keyingi uchinchi eng daromadli noqonuniy biznes hisoblanadi. Bu jarayonga qarshi samarali kurash olib borish faqat huquqni muhofaza qilish idoralari faoliyati bilan cheklanib qolmasligi, balki fuqarolik jamiyati, NNTlar, OAV va taʼlim muassasalarining keng ishtirokini talab qiladi.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, soʻrov ishtirokchilariga berilgan javoblar toʻliq maxfiy saqlanadi va shaxsiy maʼlumotlar ochiqlanmaydi. Soʻrov natijalari faqat umumlashtirilgan holda tahlil etiladi.

Fuqarolarning ushbu tadqiqotda ishtirok etishi nafaqat inson huquqlarini himoya qilishga hissa qoʻshish, balki odam savdosiga qarshi kurashda faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishdir. Jamiyat xavfsizligi har birimizning ongimiz, bilimimiz va hushyorligimizga bogʻliq.