27.04.2026
26
Joriy yilning 28-aprel kunidan boshlab “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan mamlakatimizda “Jamiyat hayotining asosiy sohalarida korrupsiyaning tarqalganlik darajasi va unga qarshi kurashish samaradorligining fuqarolar tomonidan baholanishi” mavzusida keng qamrovli sotsiologik tadqiqot o‘tkazish boshlandi.
Bugungi global taraqqiyot sharoitida korrupsiya jamiyat barqarorligi, davlat boshqaruvi samaradorligi, ijtimoiy adolat tamoyillari va fuqarolarning davlat institutlariga bo‘lgan ishonchiga jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi dolzarb ijtimoiy-siyosiy muammolardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Korrupsiyaning turli shakllari nafaqat iqtisodiy taraqqiyot sur’atlarini cheklaydi, balki aholining huquqiy ongi, ijtimoiy faolligi va hayot sifatiga ham salbiy ta’sir o‘tkazadi. Shu nuqtayi nazardan, jamoatchilik fikrini tizimli o‘rganish korrupsiyaga qarshi siyosatni takomillashtirish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish va jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
So‘rov jarayonida fuqarolarning turli sohalardagi korrupsiya holatlariga munosabati, davlat va ijtimoiy xizmatlardagi shaffoflik darajasi, maishiy korrupsiya shakllari, pora berish va olishga nisbatan ijtimoiy qarashlar, davlat organlariga ishonch, korrupsiya haqida xabar berish mexanizmlarining samaradorligi hamda raqamli davlat xizmatlarining korrupsiyani kamaytirishdagi ahamiyati atroflicha tahlil qilinadi.
Shuningdek, tadqiqot jarayonida korrupsiyaning jamiyat hayotidagi real tarqalganlik darajasini aniqlash, eng korrupsiyalashgan sohalar va institutlarni jamoatchilik baholari asosida belgilash, aholining korrupsiyaga qarshi huquqiy ongi va fuqarolik pozitsiyasini baholash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi to‘g‘risidagi fuqarolarning fikr-mulohazalarini o‘rganishdan iborat.


