23.10.2025
7
Joriy yilning 22 oktabr kuni Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida, Ijtimoiy fanlar fakulteti, “Ijtimoiy ish” kafedrasi tashabbusi bilan “Ganiyeva Maʼrifat Habibovnaning ilmiy maktabini rivojlantirish konsepsiyasi” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Tadbir ijtimoiy fanlar sohasida ilmiy maktab anʼanalarini davom ettirish, ilmiy avlodlar uzviyligini taʼminlash hamda ijtimoiy ish amaliyotida innovatsion yondashuvlarni keng joriy etishga qaratilgan boʻldi.
Konferensiya ishida mamlakatimizning yetakchi ilmiy muassasalari, vazirlik va idoralar hamda qator jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar. Xususan, “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi va boshqa hamkor tuzilmalar tadbirning faol ishtirokchilari boʻldi.
Anjumanda ijtimoiy jarayonlarning zamonaviy tendensiyalari, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish hamda xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish masalalari muhokama etildi.
Tadbirda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori Raximova Nigina Xayrullayevna hamda markaz direktorining birinchi oʻrinbosari Alekseyeva Viktoriya Sergeyevna ishtirok etdilar. Markaz rahbari N.X.Rahimova oʻz maʼruzasida “Zamonaviy Oʻzbekiston: ichki islohotlar, inson kapitali shakllanishi, taʼlim tizimi islohoti va ijtimoiy yoʻnalishlar” mavzusida soʻz yuritdi. Uning chiqishida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijtimoiy mazmuni, inson kapitali rivojlanishining strategik ahamiyati va taʼlim tizimidagi yangilanishlarning jamiyat barqarorligidagi oʻrni ilmiy jihatdan tahlil etildi.
Konferensiya ishtirokchilari – professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar, amaliyotchi mutaxassislar, tayanch doktorantlar va iqtidorli talabalar – ilmiy fikr almashuv orqali ijtimoiy fanlardagi zamonaviy metodologik yondashuvlar va xalqaro tajribalarni mahalliy amaliyot bilan uygʻunlashtirish yoʻllarini muhokama qildilar.
Tadbir yakunida ilgari surilgan taklif va tavsiyalar kelgusida ilmiy tadqiqotlar, taʼlim jarayonlari hamda ijtimoiy ish amaliyotida qoʻllanilishi belgilandi. “Ganiyeva Maʼrifat Habibovnaning ilmiy maktabini rivojlantirish konsepsiyasi” mavzusidagi mazkur anjuman nafaqat ilmiy hamjamiyat, balki amaliyotchi sotsiologlar va ijtimoiy ish mutaxassislari uchun ham tajriba va ilmiy mulohazalar almashishning muhim maydoni boʻldi. U ijtimoiy fanlar tizimidagi ilmiy merosni asrash, yangi avlod tadqiqotchilari uchun ustuvor yoʻnalishlarni belgilash hamda mamlakatda ijtimoiy barqaror rivojlanishni taʼminlashda muhim qadam sifatida eʼtirof etildi.