25

KORRUPSIYA VA JAMOATCHILIK FIKRI: ILMIY YONDASHUV VA AMALIY XULOSALAR

2025 yil 24 iyun kuni Toshkent shahrida “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tashabbusi bilan “Oʻzbekistonda jamoatchilik fikrini oʻrganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usullar, nazariya va amaliyot” doimiy ilmiy-amaliy seminari doirasida «Korrupsiya jamoatchilik fikri koʻzgusida» mavzusidagi davra suhbati oʻtkazildi.

Ushbu ilmiy anjuman Oʻzbekiston aholisi oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga asoslangan holda, korrupsiya haqidagi keng jamoatchilik fikrini tahlil qilish, davlat va jamiyat oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlash hamda korrupsiyaga qarshi samarali siyosat yuritishda sotsiologik tahlillarning oʻrnini belgilashga qaratilgan.

Seminarning ochilish qismida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori, i.f.d. Raximova N.X. soʻzga chiqdi oʻz nutqida sotsiologik tadqiqotlarning fuqarolik pozitsiyasi va davlat siyosatini uygʻunlashtirishdagi roli, sogʻlom jamiyatni qurishda jamoatchilik fikrining institutsional oʻrni haqida fikr bildiradi.

Shuningdek, mazkur seminarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Agzamova Gulrux Anvarovna, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi Ishanxodjaev Kamoliddin Nuriddinovich, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Ilmiy kengash raisi, “Boshqaruv sotsiologiyasi va psixologiyasi” kafedrasi mudiri, s.f.d., professori Bekmurodov Mansur Bobomurodovich hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi F. Otaxonov so‘zga chiqdilar va seminar ishiga muvaffaqiyat tilashdi. F. Otaxonov korrupsiyaga qarshi amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, shaffoflikni ta’minlash va fuqarolar ishtirokini faollashtirishga doir mexanizmlar haqida ma’lumot berdi.Mazkur anjumanda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi vakillari tomonidan tayyorlangan uchta muhim maʼruza taqdim etildi.

Alekseyeva V.S. maʼruza chiqib oʻzi tomonidan fuqarolarning Oʻzbekistonda korrupsiya haqidagi umumiy qarashlari, ularning davlat tizimiga ishonchi va shaxsiy hayotidagi tajribalari tahlil qilinadi. Ushbu maʼruza jamoatchilik ongida korrupsiyaning qanday qabul qilinishi, uning sabablari va oqibatlariga nisbatan munosabatni ochib berdi.

Shundan soʻng, Seitov M.Sh. mamlakat sogʻliqni saqlash muassasalaridagi korrupsiya holatlariga alohida eʼtibor qaratadi. Maʼruzada tibbiy muassasalarda yashirin toʻlovlar, xizmat koʻrsatishda adolatsizlik va aholining huquqiy ongi darajasi chuqur tahlil qilinadi.

Tadbir davomida Tojibayev A.B. oʻz maʼruzasi bilan tugʻruqxonalardagi korrupsiya holatlari, onalar va bolalar huquqlarining buzilishi hamda fuqarolarning bu haqdagi fikrlarini yoritdi.

Mazkur seminarning ilmiy ahamiyati shundaki, u korrupsiya muammosini jamiyatning koʻzgusida koʻrish imkonini berdi. Jamoatchilik fikrining tahlili orqali davlat organlari faoliyatini baholash, huquqiy islohotlarni asoslash va samarali javobgarlik tizimini shakllantirish mumkin. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining roli, fuqarolarning axborotga boʻlgan erkin kirishi va faol fuqarolik pozitsiyasi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Seminar yakunida umumlashtirilgan xulosalar va amaliy tavsiyalar shakllantirildi, ular asosida davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda aniq chora-tadbirlar belgilab olinishi rejalashtirildi. Jamoatchilik ongini shakllantirish, davlat siyosatining ochiqligi va hisobdorligini taʼminlash — barqaror rivojlanishning muhim poydevori sanaladi.

Shuningdek, “Korrupsiya jamoatchilik fikri koʻzgusida” mavzusidagi mazkur ilmiy-amaliy majlis korrupsiyaga qarshi milliy siyosatda jamoat nazorati, fuqarolik faolligi va ilmiy yondashuvlar uygʻunligining samarali namunasi boʻlib xizmat qiladi.