27.08.2024
79
Davlat organlariga ijtimoiy sheriklik asosida fuqarolik jamiyati institutlarining loyihalarini BHMning 1000 baravarigacha tanlovlarsiz moliyalashtirish huquqi berilmoqda
Bugun, 27 avgust kuni Adliya vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish maqsadida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda Adliya vazirligi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi rahbariyati va boshqa NNT vakillari hamda Ijtimoiy fikr respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi matbuot xizmati xodimi D.Axmedova ishtirok etib, jurnalist va blogerlarning savollariga javob berdi.
Taʼkidlangandek, Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratildi, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari takomillashtirildi.
Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga fuqarolik jamiyati institutlariga bagʻishlangan alohida bob kiritildi, ular konstitutsiyaviy institut sifatida eʼtirof etildi, 2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Parlament hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari huzurida jamoat fondlari tuzilgan. Jumladan, fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash uchun Davlat byudjetidan soʻnggi yetti yilda 718 milliard soʻm ajratildi (2008-2016 yillarga solishtirganda 12 barobar koʻp). Keyingi 3 yilda hududiy fondlar orqali 83 milliard soʻmlik 1600 ta loyiha amalga oshirildi.
Fuqarolar huquqini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va boshqa sohalarda qariyb 10 mingta nodavlat notijorat tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda, ularda 70 mingga yaqin insonlar mehnat qilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan Farmon yuqoridagi islohotlarning uzviy davomi boʻlib, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning shaffof va sogʻlom raqobat tamoyiliga asoslangan tizimini, shuningdek, ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Farmon bilan fuqarolik jamiyatini qoʻllab-quvvatlash borasidagi quyidagi yangi islohotlar nazarda tutilmoqda.
Xususan, parlament huzurida Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etilib, ijtimoiy loyihalarning manzilliligi taʼminlanadi, byurokratiyaga chek qoʻyiladi.
Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratish bilan bogʻliq barcha jarayonlarning shaffofligini taʼminlashga qaratilgan yagona elektron platforma ishga tushiriladi.
Farmonga koʻra, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan quyidagi mexanizmlar joriy etilmoqda:
- har yili davlat organlari ijtimoiy buyurtma tanlovlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot oʻtkazadi;
- davlat organlariga fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbusli ijtimoiy sheriklik loyihalarini BHMning 1 000 baravarigacha tanlovlarsiz moliyalashtirish huquqi beriladi;
- har yili Hukumat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosiga fuqarolik jamiyati institutlarini ijtimoiy sheriklik asosida jalb qilish boʻyicha dastur qabul qiladi.
Ijtimoiy ahamiyatga molik faoliyatni ommalashtirish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlariga quyidagi imtiyozlar berilmoqda:
- davlat grantlari va ijtimoiy buyurtma loyihalari doirasida daromad soligʻi va ijtimoiy soliq stavkalari 3 yil muddatga 50 foizga kamaytirilmoqda;
- 2025 yil 1 yanvardan boshlab nogironlar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar tashkilotlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun undiriladigan davlat boji 2 baravarga kamaytirilmoqda;
- homiylik tashkilotlarining ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga xayriya pulining soliq solinmaydigan miqdori amaldagi 15 mln soʻmdan 34 mln soʻmgacha (BHMning 100 baravari) oshirilmoqda.
Farmon fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqadi, mazkur jarayonlar shaffofligining yuqori standartlarini belgilaydi.
Eng muhimi, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi bevosita ishtiroki uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi, xususan, ijtimoiy sheriklik institutini amalda rivojlantirish boʻyicha tashkiliy va huquqiy sharoitlar yaratadi, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati taʼsirchanligini oshiradi.
Mazkur farmon mamlakatimizdagi tub oʻzgarishlar jarayonida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qiladigan, xohish-iroda va intilishlarini ifoda etadigan nodavlat notijorat tashkilotlarining oʻrni va ahamiyatini mustahkamlash borasidagi jiddiy ahamiyatli qadam boʻldi.
Anjuman yakunida Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini takomillashtirish va amaliy yordam berish toʻgʻrisida taklif va tavsiyalar qabul qilindi.