21

“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi Matbuot xizmati rahbari Axmedova Dildora Olimjonovna “Oʻzbekiston” telekanalidagi “Munosabat” koʻrsatuvida ekspert sifatida ishtirok etdi.

Koʻrsatuvda muhokama etilgan asosiy savol – “Nega bolalar maktabdan chiqqach, yana repetitorlik darslariga borishga majbur?” – bugungi kunda nafaqat ota-onalar, balki jamiyatning barcha qatlamlari uchun dolzarbdir. Sotsiologik tadqiqotlar koʻrsatadiki, qoʻshimcha taʼlimga ehtiyoj bir nechta ijtimoiy-iqtisodiy omillar bilan belgilanmoqda yaʼni, umumtaʼlim maktablaridagi bilim sifatini oshirishga qaratilgan jamiyat intilishi, ota-onalarning farzandlarini oliy taʼlim muassasalariga tayyorlash borasidagi kuchli ijtimoiy talablar va zamonaviy mehnat bozorida raqobatbardosh kadr boʻlish uchun qoʻshimcha bilim va koʻnikmalarga ehtiyoj.

Ijtimoiy fikrni oʻrganish natijalariga koʻra, aholining katta qismi qoʻshimcha taʼlimni farzandlar rivojlanishi uchun ijobiy omil sifatida baholaydi. Shu bilan birga, uning bir qator salbiy taʼsirlarini yaʼni, qoʻshimcha taʼlim xarajatlari oilalarning iqtisodiy yukini ortishi, taʼlim tizimida teng imkoniyatlar tamoyilining izdan chiqishi, bolalarning sogʻligʻi, psixoemotsional holati va ijtimoiylashuv jarayonining cheklanishi kabi holatlar ham kuzatilmoqda.

“Munosabat” koʻrsatuvida soha mutaxassislari, ota-onalar va jamoatchilik vakillari ishtirokida qoʻshimcha taʼlimning ijobiy va salbiy jihatlari tahlil qilindi. Ayniqsa, yoshlarning bilim sifatini oshirishdagi ahamiyati hamda davlat taʼlim siyosatidagi ustuvor yoʻnalishlar bilan uygʻunligiga eʼtibor qaratildi.