19.06.2025
6
Yurtimizda har yili 30 iyun — Yoshlar kuni umummilliy darajada nishonlanadi. Mazkur sananing maʼnaviy va ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib, “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan yoshlarning oilaviy qadriyatlar, nikoh instituti va shaxsiy hayotga boʻlgan munosabati yuzasidan respublika miqyosida yangi sotsiologik soʻrov oʻtkazishni boshladi.
Ushbu soʻrovnoma jamiyatimizning asosiy qismini tashkil etuvchi yosh avlodning maʼnaviy-axloqiy mezonlari, hayotiy strategiyalari va sotsiallashuv jarayonlarini chuqur tahlil qilishga qaratilgan keng qamrovli ilmiy-amaliy tadqiqot doirasida oʻtkaziladi.
Nikoh va oila instituti har qanday jamiyatda barqarorlik, ijtimoiy intizom, anʼanalar va uzviylikning oʻzagi hisoblanadi. Hozirgi globallashuv, axborot oqimi va hayotiy qarashlar xilma-xilligi sharoitida yoshlarning turmush qurishga munosabati, oilaviy qadriyatlarga boʻlgan munosabati juda sezilarli darajada oʻzgarib bormoqda. Mana shu oʻzgarishlarni ilmiy asosda baholash, jamiyatni barqaror ravishda rivojlantirish uchun real fikr va ijtimoiy kutilmalarni anglash zarurati tugʻildi.
Xususan, soʻnggi yillarda nikoh yoshi ortib bormoqda, turmush qurishda iqtisodiy omillar ustuvor boʻlib qolmoqda, shaxsiy erkinlik va “avvalo karyera, keyin oila” kabi tendensiyalar kuchaymoqda, yolgʻiz yashashga intilish holatlari koʻpaymoqda.
Bunday jarayonlarni faqat demografik raqamlar bilan emas, balki yoshlarning dunyoqarashi, maʼnaviy qiymatlari, oila institutiga boʻlgan shaxsiy munosabati orqali chuqur ilmiy tahlil qilish zarur.
Mazkur tadqiqotning maqsadi yoshlarning nikoh va oilaviy munosabatlarga ongli yondashuvini oʻrganish, oʻta-ona, muhit, taʼlim, internet va media taʼsirini baholash, oila qurishga boʻlgan tayyorlik darajasi va ustuvorliklarni tahlil qilish, jins va yosh guruhlari oʻrtasidagi tafovutlar, genderlik stereotiplar va mavqe senzitivligini oʻrganish, yoshlarning davlat siyosatidan kutilmalari va jamiyatda oʻz oʻrnini topishga boʻlgan intilishlari toʻgʻrisida fikr-mulohazalarini oʻrganishdan iborat.
Soʻrovnoma 18–30 yosh oraligʻidagi respondentlar oʻrtasida, barcha hududlarda reprezentativ usulda tashkil etilmoqda. Unda anonimlik va shaxsiy maʼlumotlarning maxfiyligi toʻliq kafolatlangan.
«Ijtimoiy fikr» markazining ushbu tadqiqoti Oʻzbekistonning kelajakda qanday jamiyat boʻlishini belgilaydigan konseptual muammolarni yoritishga qaratilgan izlanishdir. Yoshlar va oila masalasi — bu ijtimoiy barqarorlik, demografik taraqqiyot, maʼnaviy tiklanish va milliy oʻzlik masalasidir.