15.04.2026
28
Oʻzbekistonda tahlil mustaqil sohaga aylanmoqdami?
Oʻzbekistonda tahliliy muhit asta-sekin yopiqlik va cheklangan imkoniyatlar holatidan chiqib bormoqda, ammo bu borada hali amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar koʻp. Tahlilning qadri nimada? Ushbu sohada asosiy ishtirokchilar kimlar va qanday muammolar mavjud?
Axborotni toʻplash, qayta ishlash va tahlil qilish, xavf-xatarlarni baholash hamda tavsiyalar ishlab chiqish tahlilning eng muhim jihatlaridir. Oʻzbekistonda tahliliy muhit bosqichma-bosqich yopiqlikdan chiqib bormoqda, biroq bu yoʻnalishda hali katta ishlar qilinishi kerak. Sohada yangi ishtirokchilar paydo boʻlayotganiga qaramasdan, tahliliy bozor hozircha segmentlarga ajratilmagan va raqobat muhiti toʻliq shakllanmagan. Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi direktor oʻrinbosari, siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori, dotsent Abror Yusupov
oʻz qarashlari bilan oʻrtoqlashadi.
Tahliliy faoliyatning muhimligi
Islohotlar jarayonlarini tahliliy faoliyatsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Mavjud vaziyatni toʻgʻri tahlil qilish va eng maqbul boshqaruv qarorlarini ishlab chiqishda tahlilning ahamiyati yuqori. Soʻnggi yillarda ekspertlik faolligining ortishi natijasida jamoatchilik muhokamalari mazmunan boyib bormoqda. Yangi tahlil shakl va usullari – forsayt tadqiqotlari va prediktiv tahlil paydo boʻldi. Katta maʼlumotlar
(Big Data) hamda sunʼiy intellekt vositalari yangi imkoniyatlarni ochib berdi.
Obyektiv va ishonchli tahlil hukumatga eng maqbul qarorlar qabul qilish va strategik rejalashtirishga yordam beradi. Shu bilan birga, tahlil jamiyat uchun ham zarur boʻlib, u koʻplab dolzarb masalalarga javob izlaydi.
Professional darajada tahlil bilan maxsus markazlar shugʻullanadi va ular mamlakatdagi intellektual muhit mavjudligi va shakllanganini aks ettiradi. Odatda ular uchta asosiy turga ajratiladi: akademik (oliy taʼlim muassasalari huzurida), davlat (jumladan, davlat organlari huzurida) va nodavlat (NNTlar).
Hozirda jamiyatni tashvishga solayotgan dolzarb mavzularga eʼtibor qaratayotgan mustaqil tahlilchilar, shuningdek, jurnalistlar hamjamiyati va blogerlarning ortib borayotgan taʼsirini taʼkidlab oʻtmaslikning iloji yoʻq. Ularning faolligi ayrim hollarda professional tahlil kechikayotgan vaqtda yaqqol koʻzga tashlanadi.
Zamonaviy dunyoda maʼlumotlarni “XXI asr nefti” deb atashadi. Tabiiy resurslardan farqli oʻlaroq, axborot hajmi shiddat bilan oʻsib bormoqda, shu bilan birga uning katta qismi qayta ishlanmasdan qolib ketmoqda.
Feyklarni ishonchli maʼlumotlardan ajratish tobora qiyinlashib borayotgan bir sharoitda, “aql markazlari” axborot muhitiga aniqlik kiritishlari hamda jamoatchilikka obyektiv va tekshirilgan maʼlumotlarni yetkazishlari lozim.
Analitikaning asosiy qiymati mamlakat rivojining strategik yoʻnalishini belgilaydigan qarorlar qabul qilish jarayonlariga taʼsir koʻrsata olish qobiliyatida namoyon boʻladi. U quyidagi muhim savollarga javob topishga yordam beradi: bugun qayerdamiz va qayerga intilishimiz kerak; ertaga bizni nima kutmoqda; strategik rivojlanish trayektoriyasini qanday belgilash mumkin; hozirgi texnologik taraqqiyotning mamlakat rivojiga taʼsiri qanday; jamiyatning barcha qatlamlari, ayniqsa yosh avlodning oʻsib borayotgan ehtiyojlarini qanday qondirish mumkin.
Tahliliy faoliyat oldidagi chaqiriqlar
Baʼzida hatto tajribali tahlilchilar ham muayyan muammo boʻyicha aniq prognoz bera olmaydigan holatlar uchrab turadi. Masalan, pandemiya davrida butun dunyoga taʼsir qilgan oʻzgarishlarga koʻplab davlatlar
va odamlar tayyor emasligi aniq boʻldi. Albatta, qonuniyatlar, matematik modellashtirish va retrospektiv tahlil usullari mavjud, biroq amaliyotda voqealar rivojini oldindan aniq bashorat qilish va real ssenariylarni ishlab chiqishning har doim ham imkoni boʻlmaydi.
Aynan, shu bois, eng muhim zamonaviy muammolarni aniqlash va ularni hal etish yoʻllarini izlashga xizmat qiladigan samarali va xolis tahliliy platformani shakllantirish zarurati mavjud. Bunday platforma turli soha mutaxassislarini, shuningdek davlat organlari va akademik doira vakillarini birlashtirishga xizmat qilishi kerak.
Bugun har qachongidan ham obyektiv ekspertiza va sifatli tahlilga boʻlgan ehtiyoj yuqori. Jamoatchilikni davlat qarorlarini muhokama qilishda faolroq ishtirok etishga chaqiruvlar tobora koʻpaymoqda. Hozirda vazirlik va idoralar tomonidan axborot-tahliliy materiallar, hisobotlar hamda oʻtkazilgan sotsiologik tadqiqotlar natijalari eʼlon qilinmoqda.
Biroq konseptual va strategik hujjatlarni muhokama qilishda akademik doiralarning ishtiroki hozircha yetarli darajada emas.
Bu borada mustaqil tahlilning ahamiyati ayniqsa muhim hisoblanadi, chunki u, shartli ravishda aytganda, “jamiyat ichida” boʻlgan holda dolzarb masalalarga tezkor javob qaytarish imkoniyatiga ega.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda 20 ga yaqin nodavlat tahliliy markazlar faoliyat yuritmoqda. “Yuksalish” harakati tahliliga koʻra, joriy yilda mamlakatning TOP-20 “aql markazlari” qatoriga 10 ga yaqin nodavlat muassasalar kiritilgan.
Ayni vaqtda, sohada yangi ishtirokchilar paydo boʻlayotganiga qaramasdan, mamlakatdagi tahliliy bozor hozircha aniq segmentlarga ajratilmagan va toʻlaqonli raqobat muhiti shakllanmagan.
Shu nuqtai nazardan, tahliliy faoliyatning toʻliq ekotizimini rivojlantirish, jumladan tizimli kommunikatsiyani yoʻlga qoʻyish dolzarb hisoblanadi. Bejizga “Kommunikatsiya – tahlilning qiroli” deb aytilmaydi.
Shu bilan birga, tahlilchilar uchun koʻnikmalarni shakllantirish va rivojlantirishga xizmat qiluvchi mentorlik maktabini yaratish muhim. Mutaxassislar fikricha, zarur qobiliyatlar (tahliliy fikrlash, zamonaviy texnologiyalarni bilish, ishbilarmonlik, kirishuvchanlik va boshqalar) mavjud boʻlganda ham bu jarayon kamida ikki-uch yil vaqt talab qiladi. Amaliyot koʻplab ekspertlar tahliliy faoliyat uchun zarur koʻnikmalarga ilmiy-tadqiqot institutlari va tahlil markazlarida ish boshlagandan soʻng ega boʻlayotganini koʻrsatmoqda. Shu nuqtai nazardan, “aylanuvchi eshiklar” (revolving door) amaliyoti ham muhim boʻlib, unga koʻra ekspert oʻz faoliyati davomida davlat xizmati, oliy taʼlim muassasalari va nodavlat tashkilotlarda ishlash imkoniyatiga ega boʻlishi lozim.
Shuningdek, yagona tadqiqotlar bankini shakllantirish va “katta maʼlumotlar” (Big Data) vositalari orqali oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalarini oʻzaro taqqoslab tahlil qilish imkoniyatlarini yaratish dolzarb hisoblanadi.
Nihoyat, jamiyatda “gʻoyalar muhiti”ni shakllantirish zarur – yaʼni ekspertlik qadrlanadigan va intellektual muloqot ragʻbatlantiriladigan muhit. Bunga institutsional va tanqidiy fikrlash, munozara madaniyati, muxolif fikrga nisbatan bagʻrikenglik kabi jihatlar kiradi. Bunday muhit antik davr tarixchisi Tatsit aytganidek, “har qanday nafrat
va tarafkashlikdan xoli” (sine ira et studio) xulosalar chiqarish imkonini beradi.
Yaqin yillardagi muhim vazifalardan biri – tahliliy faoliyat sohasini, jumladan mustaqil tahlilni jadal rivojlantirish, uning jamiyatdagi rolini mustahkamlash, qaror qabul qilish va boshqaruv jarayonida ekspertlik fikri muhim ahamiyatga ega boʻlishini taʼminlashga qaratilishi maqsadga muvofiq.


