03.06.2026
15
SANʼAT VA MADANIYAT - MILLAT MAʼNAVIY TAYANCHI VA JAMIYAT TARAQQIYOTINING MUHIM OMILI
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan madaniyat va sanʼat sohasi vakillari bilan oʻtkazilgan ochiq muloqot mamlakatimiz maʼnaviy hayotidagi muhim voqealardan biri sifatida eʼtiborga molikdir. Ushbu uchrashuv nafaqat sohada mavjud muammolar va ularning yechimlarini muhokama qilish, balki milliy madaniyatni asrash, ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash va jamiyat maʼnaviy taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda madaniyat va sanʼat masalasi faqat ijod ahli yoki muayyan sohaning ichki masalasi emas. U millatning maʼnaviy qiyofasi, jamiyatning madaniy darajasi, fuqarolarning dunyoqarashi va yosh avlod tarbiyasi bilan bevosita bogʻliq boʻlgan strategik yoʻnalishga aylanmoqda. Teatr, musiqa, tasviriy sanʼat, adabiyot, kino va milliy madaniy meros insonning estetik didi, maʼnaviy immuniteti va ijtimoiy faolligini shakllantiruvchi muhim omillar hisoblanadi.
Ayniqsa, global axborot makoni tobora kengayib borayotgan hozirgi sharoitda milliy qadriyatlar, anʼanalar va madaniy merosni asrash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Chunki har qanday millatning maʼnaviy barqarorligi avvalo uning madaniyati, sanʼati, tarixi va milliy xotirasi bilan belgilanadi. Shu maʼnoda madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosati jamiyatning intellektual va maʼnaviy taraqqiyotini taʼminlashga xizmat qiladi.
Sotsiologik nuqtai nazardan qaraganda, aholining madaniy hayotdagi ishtiroki, madaniy muassasalar faoliyatiga munosabati, musiqa, teatr, muzey, kitobxonlik va tasviriy sanʼatga boʻlgan qiziqishi jamiyat maʼnaviy holatini baholashning muhim indikatorlaridan biri hisoblanadi. Shu bois madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirishda jamoatchilik fikrini muntazam oʻrganish muhim ahamiyatga ega.
Jamoatchilik fikrini oʻrganish amaliyoti shuni koʻrsatadiki, fuqarolarning madaniy ehtiyojlari, ularning madaniy xizmatlar sifatiga bergan baholari, milliy anʼanalarga munosabati hamda madaniy jarayonlarda ishtirok etish darajasini tahlil qilish sohani yanada takomillashtirish uchun muhim axborot manbai boʻlib xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan madaniyat va sanʼat sohasiga bagʻishlangan yangi sotsiologik tadqiqotlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Mazkur tadqiqotlar doirasida aholining madaniyat va sanʼatga qiziqishi, madaniy hayotdagi ishtiroki, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga munosabati, musiqa va tasviriy sanʼatning inson hayotidagi oʻrni hamda madaniy ehtiyojlari kabi masalalarni kompleks oʻrganish nazarda tutilmoqda.
Xususan, “Madaniyat va sanʼat jamoatchilik idrokida: qiziqish, ishtirok va tajriba” mavzusi doirasida fuqarolarning madaniy jarayonlarda ishtirok etish darajasi, teatr, muzey, konsert va koʻrgazmalarga tashrif buyurish madaniyati, milliy madaniy merosni asrashga munosabati hamda madaniyat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan jamoatchilik fikrini tahlil qilish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz tomonidan madaniyat va sanʼat sohasini qoʻllab-quvvatlash, yosh isteʼdodlarni ragʻbatlantirish, ijodkorlar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, milliy madaniy merosni asrash va uning xalqaro nufuzini oshirish boʻyicha ilgari surilgan tashabbuslar Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy taraqqiyot strategiyasida muhim oʻrin tutadi.
Madaniyat va sanʼatga eʼtibor - inson qadrini yuksaltirish, milliy oʻzlikni mustahkamlash va jamiyat maʼnaviy birligini taʼminlashga qaratilgan ezgu maqsadlarning amaliy ifodasidir. Zero, maʼnaviy barkamol jamiyatni shakllantirish yoʻlida madaniyat va sanʼatning oʻrni va ahamiyati har qanday davrda ham beqiyos boʻlib qolaveradi.



