26.05.2026
58
QURBON HAYITI — INSON QADRI, MEHR-OQIBAT VA MILLIY QADRIYATLAR ULUGʻLANADIGAN MUBORAK AYYOM
“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi jamoasi yurtimiz ahli, qadrli vatandoshlarimiz va barcha moʻmin-musulmonlarni ulugʻ va muborak Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etadi.
Qurbon hayiti xalqimizning asrlar davomida sayqallanib kelayotgan milliy va diniy qadriyatlari, mehr-oqibat, insonparvarlik, bagʻrikenglik va saxovat kabi yuksak fazilatlarini oʻzida mujassam etgan muqaddas ayyomdir. Ushbu bayram inson qalbida shukronalik, ezgulik va bir-biriga yaxshilik qilish kabi olijanob tuygʻularni mustahkamlaydi.
Mazkur qutlugʻ kunlarning maʼnaviy ahamiyati shundaki, Qurbon hayiti jamiyatda inson qadrini ulugʻlash, aholi oʻrtasida oʻzaro hurmat va hamjihatlik muhitini kuchaytirish, keksa avlod va ehtiyojmand insonlarga eʼtiborni yanada oshirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, oʻzbek xalqining azaliy anʼanalarida qoʻni-qoʻshnichilik, qarindosh-urugʻchilik rishtalari, bemorlar va muhtojlar holidan xabar olish kabi qadriyatlar aynan shu muborak ayyomda yanada yorqin namoyon boʻladi.
Jamoatchilik fikrini oʻrganish yuzasidan oʻtkazilayotgan ijtimoiy tadqiqotlar natijalari ham fuqarolar hayotida milliy va diniy bayramlarning oʻrni tobora mustahkamlanayotganini koʻrsatmoqda. Fuqarolarning katta qismi Qurbon hayitini oilaviy birdamlik, maʼnaviy yaqinlik, bagʻrikenglik va savob ishlar bilan bogʻliq muqaddas qadriyat sifatida baholaydi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda diniy qadriyatlarga hurmatni taʼminlash, aholining ibodat va bayramlarni munosib nishonlashi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaati va qadrini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Qurbon hayiti munosabati bilan belgilangan dam olish kunlari ham yurtdoshlarimiz uchun oila davrasida boʻlish, yaqinlar holidan xabar olish, ziyoratlar amalga oshirish va xayrli amallarni koʻpaytirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Bugungi kunda jamiyat taraqqiyoti nafaqat iqtisodiy omillar, balki insonlarning maʼnaviy birligi, oʻzaro ishonchi va ijtimoiy hamjihatligi bilan ham chambarchas bogʻliqdir. Shu maʼnoda Qurbon hayiti yurtimizda tinchlik va barqarorlik muhitini mustahkamlash, mehr-oqibat va insonparvarlik tamoyillarini keng qaror toptirishga xizmat qilayotgan ulugʻ bayram sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Ushbu fayzli va barakali ayyom har bir xonadonga quvonch, xotirjamlik, mehr-oqibat va farovonlik olib kirsin. Yurtimizda doimo tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va ezgulik muhiti barqaror boʻlsin.
Qurbon hayiti muborak boʻlsin aziz yurtdoshlar!
Hurmat bilan “Ijtimoiy fikr” respublika
jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi jamoasi!


