15.04.2026
24
AMALIYOT TAJRIBASI ORQALI SOTSIOLOGIK ILIMLARNING TRANSFORMATSIYASI
2026-yil yanvar oyidan “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazida boshlangan ilmiy amaliyot dastlab nazariy bilimlarni mustahkamlashga qaratilgan jarayon sifatida qabul qilingan edi. Biroq amaliyotning ilk kunlaridanoq ushbu tajriba sotsiologik bilimlarning qanday shakllanishi, sinovdan oʻtishi va real ijtimoiy kontekstda qayta talqin qilinishini kuzatish imkonini beruvchi muhim maydonga aylandi.
Amaliyotning birinchi bosqichi - ilmiy-tahliliy boʻlim faoliyati bilan tanishuv yaʼni sotsiologik tadqiqotning konseptual asoslarini amaliy shaklda anglashga xizmat qildi. Xususan, tadqiqot muammosi qanday qoʻyiladi, maqsad qanday shakllanadi, tadqiqot nimadan boshlanadi - amaliy tajriba asosida oʻrganildi. Ayniqsa, mahalliy hokimiyat faoliyatiga oid mavzu ustida ishlash jarayonida har bir savol ortida jiddiy tahlil va muammoni toʻlaqonli ochib berish boʻyicha amaliyot darslari chuqur olib borildi. Shu bilan birga, ilmiy asoslangan anketa (savolnoma) tuzish va uni amaliy jihatdan shakllantirish koʻnikmalari egallandi.
Shuningdek, amaliyot jarayonida sotsiologik tadqiqotning metodologik va tashkiliy jihatlarini chuqurroq anglashimga olib keldi. Fevral oyi davomida informatsion-matematik va amaliy tadqiqotlarni tashkil etish boʻlimlarida faoliyat olib borib, tanlanma (sampling) usullari, reprezentativlik, stratifikatsiya kabi muhim statistik tushunchalar amaliy misollar orqali oʻzlashtirildi. Dala tadqiqotlariga tayyorgarlik jarayonida intervyuer faoliyati, respondent bilan muloqot qilish etikasi, maʼlumotlarning aniqligi va ishonchliligini taʼminlash tamoyillari oʻrganildi. Bundan tashqari, tadqiqotni tashkil etish, intervyuerlarni hududlar boʻyicha taqsimlash, anketa sonini rejalashtirish va xarajatlar smetasini tuzish kabi tashkiliy jarayonlarda ham amaliy ishtirok etdim.
Mart oyi davomida informatsion-texnik boʻlimda raqamli sotsiologiya yoʻnalishi bilan tanishib, zamonaviy onlayn platformalar (Google Forms, SurveyMonkey, Qualtrics va boshqalar) orqali soʻrovnomalarni yaratish va dasturlash koʻnikmalarini egalladim. Shu bilan birga, maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va tahlil qilish jarayonlari Microsoft Excel hamda Power BI dasturlari yordamida amalga oshirildi. Maʼlumotlarni grafik va diagrammalar orqali vizualizatsiya qilish, ularni tahliliy xulosalar bilan bogʻlash amaliy jihatdan mustahkamlandi. Tezkor tadqiqotlar boʻlimida esa telefon orqali soʻrov oʻtkazish (call-markaz) jarayoni bilan tanishib, qisqa muddatda samarali maʼlumot yigʻish usullari oʻrganildi.
Aprel oyida amaliyot mashgʻulotlari matbuot xizmati boʻlimida davom ettirildi. Matbuot xizmati faoliyati hamda materiallarni nashrga tayyorlash jarayonlari oʻrganildi. Jumladan, ilmiy va publitsistik maqolalar yozish tamoyillari bilan tanishildi, press-markaz faoliyati va uning nashrlari oʻrganildi. Shuningdek, “Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari” ilmiy jurnali faoliyati bilan tanishdik. Mazkur amaliyot davomida OAK tassarufidagi ushbu jurnalda IMRAD (Introduction, Methods, Results, and Discussion) talabida yozilgan nazariy va emperik ilmiy maqolalar tahlil qilindi.
Navbatdagi dars mashgʻulotlari ilmiy jurnalda materiallarni eʼlon qilish va nashr jarayonlariga qaratildi. Ushbu bosqichda matnlarni nashrga tayyorlash va tahrirlash koʻnikmalari mustahkamlandi. Amaliyot koʻnikmalari natijasida jurnalistik formatda maqola yozilib, unda amaliyot jarayoni, oʻzlashtirilgan bilim va koʻnikmalar, shuningdek, nazariy va amaliy bilimlar oʻrtasidagi farqlar tahlil qilindi. Shu bilan birga magistrlik dissertatsiya ishim asosida markaz jurnaliga ilmiy maqola toshirishga erishdim.
Ushbu amaliyot mashg’ulotlari davomida nazariy bilimlarimni amaliyot bilan uyg‘unlashtirib, mustaqil fikrlash, tahlil qilish va ilmiy yondashuv asosida ishlash ko‘nikmalarim sezilarli darajada rivojlandi. Eng muhimi, zamonaviy sotsiolog nafaqat tadqiqotchi, balki texnologiyalarni biladigan, analitik fikrlovchi va jamiyatdagi jarayonlarni kompleks baholay oladigan mutaxassis boʻlishi zarurligini angladim.
Mirzo Ulugʻbek nomidagi
Oʻzbekiston Milliy universiteti
703110401 – sotsiologiya yoʻnalishi 2-kurs magistranti
Ahmadjonova Dilnoza Gayratilayevna






