16

Oʻzbekistonda sport, ayniqsa futbol, nafaqat musobaqa yoki oʻyin sifatida, balki xalqni birlashtiruvchi muhim ijtimoiy qadriyat sifatida namoyon boʻlmoqda. Bu jihat Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida oʻtgan Oʻzbekiston milliy terma jamoasini 2026 yilgi jahon chempionatiga kuzatish marosimida yana bir bor yaqqol aks etdi.

Davlat rahbari ishtirokida oʻtgan mazkur tantanali tadbir oʻzbek futboli tarixidagi muhim voqealardan biri sifatida eʼtirof etildi. Prezident oʻz nutqida milliy terma jamoaning jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritishi mamlakat sporti, ayniqsa futbol sohasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va tizimli qoʻllab-quvvatlash siyosati natijasi ekanini alohida taʼkidladi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sport sohasini davlat darajasida qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy infratuzilmalarni barpo etish, futbol akademiyalari faoliyatini kengaytirish hamda yoshlar oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar oʻz samarasini bermoqda. Xususan, Prezident nutqida har bir hududda sport inshootlari va professional futbol akademiyalari tashkil etilgani, Milliy futbol markazi ish boshlagani, Toshkent shahrida Olimpiya shaharchasi hamda FIFA standartlariga mos yangi stadion qurilayotgani alohida taʼkidlandi.

“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan oʻtkazilayotgan sotsiologik tadqiqotlar natijalari ham mamlakat aholisi sportga, ayniqsa futbolga boʻlgan qiziqish va eʼtibor yuqori darajada ekanini koʻrsatmoqda. Jamoatchilik fikri tahlillariga koʻra, fuqarolarning katta qismi sportni yoshlarni vatanparvarlik, iroda va sogʻlom turmush tarzi ruhida tarbiyalovchi muhim omil sifatida baholaydi.

Ayniqsa, milliy terma jamoaning jahon chempionatiga ilk bor yoʻllanma olishi aholi orasida milliy gʻurur, birdamlik va kelajakka ishonch tuygʻularini yanada mustahkamladi. Sotsiologik kuzatuvlar futbol nafaqat sport turi, balki jamiyatda ijtimoiy birlikni kuchaytiruvchi madaniy va maʼnaviy hodisa sifatida qabul qilinayotganini koʻrsatmoqda.

Prezident tomonidan muxlislar harakati va fan-klublar faoliyatiga berilgan yuksak baho ham bu yoʻnalishdagi jamoatchilik kayfiyati bilan hamohangdir. Davlat rahbari ularni milliy jamoaning “oʻn ikkinchi oʻyinchisi” sifatida eʼtirof etdi.

Bugun Oʻzbekistonda futbol har bir oilaning hayotiga kirib borgan, yoshlar uchun orzu va intilish ramziga aylangan sohalardan biri hisoblanadi. Milliy terma jamoaning xalqaro maydondagi ishtiroki esa nafaqat sport yutugʻi, balki mamlakat nufuzini oshiruvchi, jamiyatni birlashtiruvchi va yosh avlodni ilhomlantiruvchi muhim ijtimoiy voqelik sifatida baholanmoqda.