32

“KORRUPSIYAGA QARSHI CHORALARGA GENDER YONDASHUVNI JORIY ETISH” MAVZUSIDA AMALIY TRENING OʻTKAZILDI

Joriy yilning 13-may kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMT Taraqqiyot dasturi hamda Yevropa Ittifoqi hamkorligida VI Toshkent aksilkorrupsiya forumi doirasida “Korrupsiyaga qarshi choralarga gender yondashuvni joriy etish” mavzusida amaliy trening tashkil etildi.

Mazkur treningda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi xodimi Umida Xalikova ham mazkur tadbirda ishtirok etdi.

Tadbirning asosiy maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatlariga gender yondashuvini integratsiya qilish, korrupsiyaning ijtimoiy oqibatlarini gender nuqtai nazaridan tahlil etish hamda aholining turli ijtimoiy guruhlariga taʼsir etuvchi omillarni chuqur oʻrganishdan iborat boʻldi. Shuningdek, ishtirokchilarda korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini gender sezgir yondashuv asosida shakllantirish boʻyicha amaliy koʻnikmalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Trening davomida korrupsiyani konseptuallashtirish, uning sabab va oqibatlarini tizimli tahlil qilish, korrupsiyaning gender oʻlchami, ijtimoiy zaif qatlamlarga taʼsiri hamda taʼlim, ijtimoiy xizmatlar va sud tizimida uchraydigan korrupsiyaviy holatlar boʻyicha amaliy keyslar muhokama qilindi. Ishtirokchilar kichik guruhlarda ishlash, interaktiv mashqlar, “aqliy hujum” va “muammolar-yechimlar daraxti” usullari orqali fikr almashdilar.

Tadbir doirasida korrupsiya va gender tengsizligi oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik, gender rollariga asoslangan korrupsiya shakllari hamda genderga taʼsirchan korrupsiyaga qarshi siyosat vositalarini ishlab chiqish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi. Xalqaro ekspertlar va mutaxassislar ishtirokida tashkil etilgan muhokamalar ishtirokchilar uchun amaliy tajriba va ilgʻor yondashuvlar bilan tanishish imkonini yaratdi.

Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhim ekani taʼkidlandi.