40

Joriy yilning 30-aprel kuni Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan oliy taʼlim bitiruvchilarining bandligini taʼminlash, ularning kasbiy salohiyatini amaliyot bilan uygʻunlashtirish hamda mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyasini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Karyera kuni” hamda “Workshop” mehnat yarmarkasi boʻlib oʻtdi. Mazkur nufuzli tadbirda “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi xodimlari faol ishtirok etib, yosh mutaxassislar bilan samarali muloqot olib bordilar.

Tadbirning asosiy maqsadi talaba va bitiruvchilarning nazariy bilimlarini amaliy faoliyat bilan mustahkamlash, ularni mavjud boʻsh ish oʻrinlari, zamonaviy kasbiy yoʻnalishlar hamda professional rivojlanish istiqbollari bilan yaqindan tanishtirishdan iborat boʻldi. “Ijtimoiy fikr” markazi mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarga sotsiologik tadqiqotlar, jamoatchilik fikrini oʻrganish, ijtimoiy tahlil, media tadqiqotlar va zamonaviy analitik faoliyat yoʻnalishlari yuzasidan batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.

Markaz xodimlari boʻlajak jurnalistlar, sotsiologlar, psixologlar hamda kommunikatsiya sohasi bitiruvchilari uchun kasbiy faoliyatni samarali boshlash, ilmiy-amaliy izlanishlarni rivojlantirish, sohaviy kompetensiyalarni oshirish hamda davlat va jamiyat taraqqiyotida faol ishtirok etish yuzasidan muhim tavsiyalar berdilar. Uchrashuv davomida talabalar “Ijtimoiy fikr” markazi faoliyati, amalga oshirilayotgan respublika miqyosidagi sotsiologik tadqiqotlar, jamoatchilik monitoringi hamda tahliliy loyihalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Mazkur “Karyera kuni” doirasidagi ishtirok “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazining yosh kadrlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning professional tayyorgarligini kuchaytirish, ilmiy-amaliy tajribasini boyitish hamda mamlakatda raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan izchil faoliyatining amaliy ifodasi boʻldi.

Bunday tashabbuslar oliy taʼlim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini mustahkamlash, yoshlarning bandligini taʼminlash, shuningdek, Yangi Oʻzbekiston sharoitida zamonaviy, tashabbuskor va malakali mutaxassislar safini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. “Ijtimoiy fikr” markazining mazkur tadbirdagi ishtiroki esa mamlakatda jamoatchilik fikrini oʻrganish, ijtimoiy tahlil va professional kadrlar tayyorlash tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qildi.