49

“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faol ishtiroki, fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorligi hamda jamoatchilik fikrini oʻrganish orqali ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlashga qoʻshib kelayotgan munosib hissasi uchun eʼtirof etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tashkil etilgan VI Toshkent aksilkorrupsiya forumi doirasida “Ijtimoiy fikr” Markazi “Korrupsiyaga qarshi kurashishda faol ishtirok etayotgan NNT sifatida” maxsus eʼtirofga sazovor boʻldi.

Mazkur eʼtirof mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, aholining huquqiy ongi va fuqarolik masʼuliyatini yuksaltirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini takomillashtirish hamda sotsiologik tadqiqotlar orqali dolzarb ijtimoiy masalalarni ilmiy asosda oʻrganish borasida amalga oshirilayotgan izchil faoliyatning amaliy natijasi sifatida baholanmoqda.

“Ijtimoiy fikr” markazi keyingi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat va jamiyat munosabatlarida ochiqlikni taʼminlash, aholining islohotlarga munosabatini oʻrganish hamda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirishga qaratilgan qator respublika miqyosidagi sotsiologik tadqiqotlar, monitoringlar va tahliliy loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Ushbu eʼtirof Markaz jamoasining professional salohiyati, ilmiy yondashuvi va jamoatchilik manfaatlariga xizmat qiluvchi faoliyatiga berilgan yuksak baho boʻlib, kelgusida ham mazkur yoʻnalishdagi tashabbuslar koʻlamini yanada kengaytirish uchun muhim ragʻbat vazifasini oʻtaydi.