08.06.2026
37
BO‘LAJAK SOTSIOLOGLAR UCHUN KASBIY MAHORAT MAKTABI
Mamlakatimizda inson kapitali sifatini yuksaltirish, ta’limning amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ana shu maqsadlar doirasida O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetining sotsiologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalari “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazida malakaviy amaliyot o‘tashni boshlashdi.
Mazkur amaliyot dasturi bo‘lajak sotsiologlarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, ularni zamonaviy tadqiqot texnologiyalari bilan tanishtirish hamda jamoatchilik fikrini o‘rganish sohasida zarur kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan. Talabalar amaliyot jarayonida sotsiologik tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazishning asosiy bosqichlari, tadqiqot dasturini ishlab chiqish, so‘rovnoma va intervyu vositalarini tayyorlash, empirik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va tahlil qilish jarayonlari bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Bugungi kunda jamiyatda kechayotgan ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy o‘zgarishlarni chuqur tahlil qilish, aholi kayfiyati va ehtiyojlarini o‘rganish, jamoatchilik fikri dinamikasini baholash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, “Ijtimoiy fikr” markazi yosh tadqiqotchilar uchun o‘ziga xos ilmiy-amaliy laboratoriya vazifasini bajarib, ularga haqiqiy tadqiqot muhitida ishlash imkoniyatini yaratib bermoqda.
Amaliyot davomida talabalar jamoatchilik fikrini o‘rganishning milliy va xalqaro tajribalari, sotsiologik tadqiqotlarda qo‘llaniladigan metodlar, ma’lumotlarni tahlil qilishning zamonaviy yondashuvlari hamda analitik xulosalar tayyorlash usullarini o‘zlashtirmoqdalar. Bu esa ularning tadqiqotchilik salohiyatini rivojlantirish, tanqidiy va tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Ta’lim muassasalari va ilmiy-amaliy tashkilotlar o‘rtasidagi bunday hamkorlik yoshlarning kasbiy shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki zamonaviy mehnat bozori nafaqat mustahkam nazariy bilimga, balki mustaqil tahlil qilish, ma’lumotlar bilan ishlash va ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilish qobiliyatiga ega mutaxassislarni talab etmoqda.
“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan yoshlarni ilmiy tadqiqot faoliyatiga jalb etish, ularning amaliy tajribasini boyitish va sotsiologiya sohasi uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bugun amaliyot maydonida tajriba orttirayotgan talabalar ertaga mamlakatimizda ijtimoiy jarayonlarni chuqur tahlil qiladigan, jamoatchilik fikrini professional darajada o‘rganadigan va davlat hamda jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladigan yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishadilar.
Shu ma’noda, mazkur amaliyot dasturi yoshlarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini mustahkamlash hamda milliy sotsiologiya maktabining kelgusi taraqqiyoti uchun muhim poydevor vazifasini bajarmoqda.


