07.04.2026
7
“FUQAROLARNING KUNDALIK AMALIYoTIDA RAQAMLI DAVLAT XIZMATLARI: QULAYLIK VA IShONCh”
Joriy yilning 5-aprel kunidan boshlab «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan mamlakat aholisi orasida “Fuqarolarning kundalik amaliyotida raqamli davlat xizmatlari: qulaylik va ishonch” mavzusida keng qamrovli sotsiologik tadqiqot o‘tkazish boshlandi.
Mazkur tadqiqot raqamli transformatsiya jarayonlari jadallashib borayotgan sharoitda davlat xizmatlari tizimini modernizatsiya qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlar sifatini oshirish hamda ularning samaradorligini jamoatchilik fikri asosida baholash zarurati bilan belgilanadi. Bugungi kunda raqamli davlat xizmatlari fuqarolar uchun vaqt va resurslarni tejash, xizmatlardan masofadan turib foydalanish imkoniyatini yaratish, davlat boshqaruvida shaffoflikni ta’minlash kabi muhim vazifalarni bajarmoqda. Shu bilan birga, amaliyotda ushbu xizmatlardan foydalanish jarayonida yuzaga kelayotgan texnik muammolar, axborot xavfsizligiga oid xavotirlar, interfeys va navigatsiyaning murakkabligi, shuningdek, ayrim hollarda xizmatlarning to‘liq raqamlashmagani kabi omillar mazkur sohani chuqur ilmiy tahlil qilishni talab etmoqda.
Ushbu tadqiqotning maqsadi fuqarolarning raqamli davlat xizmatlaridan foydalanish amaliyoti, ularning qoniqish darajasi, xizmatlarga bo‘lgan ishonch va munosabatini kompleks ravishda o‘rganishdan iborat.
Tadqiqot doirasida aholining raqamli xizmatlardan foydalanish darajasi va qamrovini aniqlash, onlayn va an’anaviy xizmat formatlariga bo‘lgan afzalliklarni tahlil qilish, xizmatlardan foydalanish jarayonida uchrayotgan asosiy muammolar va to‘siqlarni o‘rganish, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi va xizmatlarga ishonch darajasini baholash, davlat xizmatlarining tezkorligi, qulayligi va natijadorligi bo‘yicha jamoatchilik fikrini aniqlash, shuningdek, raqamli xizmatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan aholi takliflarini tizimlashtirish kabi vazifalar amalga oshiriladi.
Mazkur tadqiqot respublika bo‘ylab turli ijtimoiy-demografik guruhlar va hududlarni qamrab olgan holda o‘tkazilmoqda. Tadqiqot natijalari davlat xizmatlarini raqamlashtirish sohasida qabul qilinayotgan qarorlarni ilmiy-amaliy jihatdan asoslash, aholi ehtiyoj va talablarini hisobga olgan holda yanada qulay, samarali va ishonchli xizmatlar tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.


