22.04.2026
26
RIGA SHAHRIDA OʻZBEKISTON NNT VAKILLARI UCHUN XALQARO “YOZGI MAKTAB” ISH BOSHLADI
2026 yil 20–25 aprel kunlari Latviya Respublikasining Riga shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Yevropa Ittifoqi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamda Latviya Markaziy moliya va shartnomalar agentligi hamkorligida “Oʻzbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish - inklyuziv korrupsiyaning oldini olish” loyihasi doirasida Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari uchun xalqaro “Yozgi maktab” tashkil etildi.
Mazkur oʻquv dasturining dolzarbligi bugungi kunda davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, korrupsiya xavflarini bartaraf etish hamda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish zarurati bilan belgilanadi. Shu nuqtai nazardan, xalqaro tajribani oʻrganish va uni milliy amaliyotga tatbiq etish ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Loyihaning asosiy maqsadi Oʻzbekiston delegatsiyasini Latviyada fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, jamoatchilik ishtirokini institutsionallashtirish, davlat organlari bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda korrupsiyaning oldini olishda ilgʻor mexanizmlar bilan tanishtirishdan iborat.
Dastur doirasida ishtirokchilar davlat resurslarini boshqarishda korrupsiya xavflarini aniqlash, manfaatlar toʻqnashuvini baholash, davlat xaridlari jarayonida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, shuningdek fuqarolik jamiyatini moliyalashtirishning barqaror modellarini oʻrganish imkoniga ega boʻladilar.
Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibiga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari hamda turli nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari kirgan boʻlib, ular qatorida tahliliy markazlar, inson huquqlari, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy rivojlanish yoʻnalishida faoliyat yurituvchi tashkilotlar ishtirok etmoqda.
“Yozgi maktab”ning ilk kunida fuqarolik ishtirokining huquqiy asoslari va institutsional tizimiga bagʻishlangan maʼruzalar tashkil etildi. Xususan, Baltika inson huquqlari jamiyati va Latviya Davlat kanselyariyasi vakillari tomonidan davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlar, jamoatchilik ishtirokini rivojlantirish mexanizmlari yuzasidan amaliy taqdimotlar oʻtkazildi.
Shuningdek, dastur doirasida ishtirokchilar Latviyaning Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish byurosi, Fuqarolik alyansi, Baltika media markazi hamda Riga shahar kengashi faoliyati bilan tanishib, jamoatchilik nazorati va shaffof boshqaruvni taʼminlashga qaratilgan ilgʻor tajribalarni oʻrganadilar.
Mazkur xalqaro oʻquv dasturi fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, davlat boshqaruvida ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.



