22.07.2026
24
JAMOATCHILIK FIKRINI O‘RGANISHDA KASBIY MAHORAT VA METODIK ANIQLIK
Joriy yilning 13-17 iyul kunlari «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining CATI tadqiqotlari bo‘limida faoliyat yurituvchi intervyuerlar uchun o‘quv-trening mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Treningdan ko‘zlangan asosiy maqsad intervyuerlarning kasbiy mahoratini oshirish, telefon so‘rovlarini o‘tkazish jarayonida uchrayotgan muammolarni tizimli tahlil qilish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarning nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari va ish tajribasi quyidagi mezonlar asosida baholandi:
- SATI dasturidan foydalanish darajasi;
- respondentlar bilan samarali muloqot o‘rnatish mahorati;
- savollarni mazmunan to‘g‘ri va betaraf tarzda taqdim etish ko‘nikmasi;
- so‘rov jarayonida yuzaga keladigan murakkab vaziyatlarga munosabat bildirish qobiliyati;
- javoblarni aniq qayd etish va ma’lumotlar ishonchliligini ta’minlash darajasi;
- kasbiy etika va intervyu o‘tkazish talablariga rioya qilish holati.
O‘quv-trening mashg‘ulotlarini bo‘lim boshliqlari Sherzod Boboev, shuningdek, Umida Xalikova, Igor Mixaylovich va Ravshan Islambaev olib bordilar. Mutaxassislar intervyu o‘tkazishning metodik talablari, respondent bilan muloqot psixologiyasi, savollarni ifodalash qoidalari hamda so‘rov jarayonida uchraydigan muammoli vaziyatlarni boshqarish usullari bo‘yicha amaliy tushuntirishlar berdilar.
Trening doirasida intervyuerlarning kasbiy faoliyati tahlil qilinib, belgilangan mezonlar asosida ularning reytingi shakllantirildi. Baholash natijalari har bir ishtirokchining kuchli jihatlari, kasbiy rivojlanish yo‘nalishlari va takomillashtirilishi zarur bo‘lgan ko‘nikmalarini aniqlash imkonini berdi.
Aniqlangan xato va kamchiliklar har tomonlama muhokama qilinib, ularning sabablari tahlil etildi. Intervyuerlarga so‘rov o‘tkazish sifatini oshirish, muloqot jarayonida betaraflikni saqlash, ma’lumotlarni to‘g‘ri qayd etish va ish samaradorligini yuksaltirish bo‘yicha manzilli tavsiyalar berildi.
Trening yakunida SATI tadqiqotlari bo‘limi faoliyatini yanada takomillashtirish, intervyuerlarning kasbiy tayyorgarligini muntazam baholab borish va sotsiologik ma’lumotlar sifatini oshirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Bunday o‘quv-treninglarning tizimli ravishda o‘tkazilishi intervyuerlarning kasbiy mas’uliyatini kuchaytirish, so‘rov jarayonidagi xatolarni kamaytirish hamda olinadigan sotsiologik ma’lumotlarning ishonchliligi va xolisligini ta’minlashga xizmat qiladi.


