30

“Fuqarolik jamiyati haftaligi” davom etmoqda. Bugun ushbu haftalikning 3-kunida “Yoshlar ijod saroyi”da “Inson huquqlari va manfaatlari sohasida davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligi” mavzusida milliy forum boʻlib oʻtdi. Tadbirda xalqaro tashkilotlar, davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari, ekspertlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Forum inson huquqlarini taʼminlash, huquqiy madaniyatni oshirish va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan mazmunli muhokamalar bilan oʻtdi. Tadbirning ochilish qismida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Bosh vazir oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zulayxo Maxkamova, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Maxl, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar boʻyicha koordinatori oʻrinbosari Sergey Sezov hamda Germaniyaning KUNA e.V. Assotsiatsiyasi raisi Nataliya Neymann soʻzga chiqdilar.

Mazkur muhim tadbirda “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori N.X. Raximova va markazning ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari M.Sh. Seitov ham ishtirok etib, fuqarolik jamiyati institutlari bilan davlat organlari oʻrtasidagi hamkorlikning ahamiyati, jamoatchilik fikrining inson huquqlarini taʼminlashdagi roli haqida amaliy fikrlar bildirishdi.

Forum doirasida maʼruzalar, videorolik namoyishi, memorandumlarni imzolash marosimi, seksiya yigʻilishlari va ochiq muhokamalar oʻtkazildi. Shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar koʻrgazmasi, xayriya tadbirlari va “Oramizdagi qahramonlar” loyihasi gʻoliblarini taqdirlash tantanasi ham tashkil etildi.

Tadbir “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida inson huquqlarini taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlari faolligini oshirish va davlat-jamoat hamkorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.