27.06.2025
13
“Ijtimoiy fikr“ Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi barcha soʻz va qalam ahlini, ommaviy axborot vositalari fidoiy xodimlarini kasb bayramingiz — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy tabriklaymiz!
Jamiyatdagi har bir islohot, har bir voqelik, har bir muammo — avvalo soʻz, soʻng fikr orqali shakllanadi. Shu maʼnoda jurnalistika nafaqat axborot tarqatish vositasi, balki ijtimoiy ongni tarbiyalovchi, jamoatchilik fikrini yoʻnaltiruvchi, taraqqiyotning muhim intellektual negizi sifatida namoyon boʻlmoqda.
Bugungi oʻzgaruvchan zamonda xalq bilan davlat oʻrtasida ishonchli muloqotni taʼminlash, islohotlarning mazmun-mohiyatini jamiyatga ochiq va xolis yetkazish, odamlar manfaatini ifoda etish — jurnalistlar zimmasidagi ulkan masʼuliyatdir. Ayniqsa, axborot oqimi jadallashgan, soxta axborot va sunʼiy manipulyatsiya xavfi ortib borayotgan sharoitda haqiqatni aytish, soʻz orqali haqiqiy voqelikni tiklash — katta jasorat, professionallik va fidoyilik talab etadi.
Markazimiz doimiy tahlil olib boradigan jamoatchilik fikri natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishonchli, faktlarga asoslangan, xolis axborot jamiyatda ijtimoiy muvozanatni saqlashda, fuqarolik faolligini oshirishda, aholi ruhiy-ijtimoiy barqarorligini taʼminlashda hal qiluvchi omilga aylanmoqda. Bu borada siz — OAV vakillarining oʻrni beqiyos.
Bugungi kun jurnalistikasi — tahlilchi, kuzatuvchi va taʼsir qiluvchi kuch sifatida jamiyat ongini shakllantirmoqda. Biz sizning har bir maqolangiz, reportajingiz, tahlilingiz ortida turli ijtimoiy qatlamlar ovozi, ehtiyoji va intilishlari aks etganini koʻramiz. Bu — jamiyat uchun, fuqaro uchun, kelajak uchun xizmatdir.
Sizlarning qalamingizga oʻtkirlik, faoliyatingizga muvaffaqiyat, hayotingizga baraka va bardavom ilhom tilaymiz. Fikr erkinligi, soʻz masʼuliyati va jamoatchilik ishonchi — siz bilan.
Bayramingiz muborak boʻlsin azizlar!
Hurmat bilan “Ijtimoiy fikr“
Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi