11

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi mamlakatda sotsiologik tadqiqotlar sifatini oshirishga qaratilgan tizimli ishlarni izchil davom ettirmoqda. Shu maqsadda intervyuerlik faoliyati uchun malakali kadrlar tayyorlash yo‘nalishida o‘quv-trening dasturlari muntazam tashkil etilmoqda.

Joriy yilning 17–18 mart kunlari Markazda intervyuerlikka nomzodlar uchun navbatdagi amaliy o‘quv-trening mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotlar Markazning amaliy tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘limi mutaxassislari tomonidan olib borilib, so‘rov jarayonlarini tashkil etishning ilmiy-metodik asoslari chuqur va tizimli ravishda yoritildi.

Har bir savolnomaning mazmun-mohiyati atroflicha tahlil qilinib, savollarning to‘g‘ri interpretatsiyasi, respondent bilan muloqotda aniqlik va neytrallikni saqlash, ma’lumotlarni xolis va ishonchli yig‘ish kabi muhim jihatlarga alohida urg‘u berildi. Ishtirokchilar amaliyotga yo‘naltirilgan yondashuv asosida real intervyu ssenariylari orqali o‘z ko‘nikmalarini mustahkamladilar.

Mazkur treninglar nafaqat nazariy bilimlarni boyitish, balki intervyuerning kasbiy identifikatsiyasini shakllantirish, uning mas’uliyat hissini kuchaytirish va axloqiy standartlarga qat’iy amal qilishini ta’minlash nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etdi. Chunki jamoatchilik fikrini o‘rganish jarayonida har bir intervyuerning professional yondashuvi tadqiqot natijalarining ishonchliligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Ushbu o‘quv dasturlari orqali tayyorlanayotgan intervyuerlar kelgusida sotsiologik tadqiqotlarni yuqori sifat darajasida amalga oshirish, aholi fikrini xolis va aniq aks ettirish, shu orqali esa jamoatchilik fikriga tayanilgan qarorlar qabul qilish jarayoniga munosib hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.