26.02.2024
138
Bahorning ilk oyi jamoatchilik ongida anʼanaviy ravishda 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan bogʻlanadi. Tabiat uygʻonib, yangilanib borayotgan bahorning dastlabki shu goʻzal kunlarida goʻzallik, nafosat va mehr-muhabbat timsoli boʻlgan, qalb saxovati, mehr-oqibati va fidoyiligi bilan mustahkam oila poydevorini yaratayotgan, farzandlar tarbiyalayotgan, mamlakatimizning ijtimoiy, siyosiy va madaniy hayotida faol ishtirok etib, bilim olayotgan, mehnat qilayotgan, tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan, ilm-fan, sanʼat va sportda yuksak marralarni zabt etayotgan onaxonlarimiz, ayollarimiz, opa-singillarimiz, qizlarimizni sharaflaymiz.
Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida “Ijtimoiy fikr” RJFOʻM “XOTIN-QIZLARNING JAMIYAT VA OILADAGI OʻRNI: HUQUQIY SAVODXONLIK, IJTIMOIY TAʼMINOT VA KAYFIYAT” mavzusidagi jamoatchilik fikri soʻrovini oʻtkazmoqda. Tadqiqot xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va mavqei haqida oʻzbekistonliklarning tasavvurlarini, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash darajasini, shuningdek, mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarning samaradorligiga aholi tomonidan berilgan baholarni aniqlashga qaratilgan.
Tadqiqotda mamlakatimizning barcha mintaqalarida yashovchi fuqarolar, shahar va qishloqlar aholisi, erkaklar va ayollar, iqtisodiyotning davlat va xususiy sektorlarida band boʻlgan turli millatlar va ijtimoiy qatlamlar vakillari, yoshlar, oʻrta va keksa yoshdagilar ishtirok etmoqdalar.