04.05.2026
40
Joriy yilning 1 may kuni Oʻzbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakultetida “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi ishtirokida “Sotsiologiya”, “Ijtimoiy ish” hamda “Amaliy psixologiya” taʼlim yoʻnalishlari bitiruvchilari uchun amaliy “Workshop” uchrashuvi tashkil etildi. Mazkur tadbir boʻlajak mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligini kuchaytirish, nazariy bilimlarini amaliy faoliyat bilan uygʻunlashtirish hamda mehnat bozoridagi zamonaviy talablar bilan yaqindan tanishtirishga qaratildi.
Tadbir davomida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi mutaxassislari talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot olib borib, sotsiologik tadqiqotlar metodologiyasi, jamoatchilik fikrini oʻrganish, ijtimoiy tahlil mexanizmlari, amaliy izlanishlar hamda professional faoliyat istiqbollari boʻyicha batafsil tavsiyalar berdi. Markaz vakillari tomonidan bitiruvchilarga ishga joylashish, kasbiy rivojlanish, ilmiy-amaliy loyihalarda faol ishtirok etish yuzasidan muhim maslahatlar taqdim etildi.
Shuningdek, uchrashuvda Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent shahar boshqarmasi mutaxassislari ham ishtirok etib, ijtimoiy himoya tizimi, aholiga xizmat koʻrsatishning dolzarb yoʻnalishlari hamda yosh mutaxassislar uchun mavjud imkoniyatlar haqida maʼlumot berishdi.
Mazkur “Workshop” boʻlajak sotsiolog, psixolog va ijtimoiy xodimlar uchun professional tajriba, amaliy bilim va samarali muloqot maydonini yaratib, yoshlarning kasbiy salohiyatini oshirishda muhim bosqich boʻldi. “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazining bunday tashabbuslardagi faol ishtiroki esa mamlakatda ilmiy-amaliy salohiyatni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash va jamoatchilik fikrini oʻrganish sohasini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.







