182

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi tomonidan “Parlament saylovi-2024” mavzusida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari hamda xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlari deputatlari saylovi boʻyicha jamoatchilik fikri soʻrovini oʻtkazishni boshladi.

Saylov joriy yilning 27-oktyabr kuni boʻlib oʻtadi, bu sana Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan. Fuqarolar Qonunchilik palatasining 150 nafar deputatini, Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesining 65 nafar deputatini, shuningdek, viloyatlar va Toshkent shahrining 208 nafar tuman (shahar) kengashlari deputatlarini saylaydi. Mamlakatimiz aholisining kutilayotgan saylovda faolligini xamda ushbu saylovda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarning siyosiy xohish-istaklarini aniqlash maqsadida jamoatchilik fikrini oʻrganish har doim “Ijtimoiy fikr” Markazi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi.

Mazkur tadqiqot davomida Oʻzbekiston fuqarolarining saylovoldi xulq-atvori va boʻlajak saylovga munosabatining asosiy xususiyatlari oʻrganiladi. Jamoatchilik fikrini oʻrganishning dastlabki bosqichida mamlakatimiz aholisining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari hamda viloyat, shahar va tuman Kengashlari deputatlari saylovi boʻyicha xabardorlik darajasini aniqlash asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Mazkur tadqiqotning ustuvor yoʻnalishi fuqarolarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga faollik darajasini aniqlashdan iborat boʻladi.

Kutilayotgan saylov kampaniyasi davrida sotsiologik tadqiqot oʻtkazish Oʻzbekiston fuqarolarining ovoz berishda ishtirok etish istagi, saylovchilarni eng koʻp qiynayotgan muammolarni aniqlash, reyting tuzish kabi jihatlarini ochib berish orqali ularning saylovoldi xulq-atvorini tushunish imkonini yaratadi. Shuningdek, fuqarolar Oliy Majlisning, xususan, deputatlik korpusining ishi bilan qay darajada tanishligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, viloyat va tuman Kengashlari deputatligiga boʻlib oʻtadigan saylovda ishtirok etish shaxsan fuqarolarning oʻzlariga qay darajada muhimligi, deputatlikka nomzodlarga qanday  fazilatlariga koʻra ovoz berishlari kabi savollarga aholining fikr-mulohazalarini oʻrganishga qaratilgan.

Ushbu soʻrovda mamlakatimizning barcha hududlari aholisi, shahar va qishloq aholisi, 18 yosh va undan katta yoshdagi erkaklar va ayollar, turli millatlar, ijtimoiy guruhlar vakillari, turli soha va tarmoqlarda band boʻlganlar ishtirok etadilar.