03.05.2025
16
SOʻZ — JAMIYATNI OʻZGARTIRISHDAGI ENG KATTA KUCH.
YUNESKO tashabbusi bilan 1993 yildan beri har yili 3 may kuni dunyo boʻylab Butunjahon soʻz erkinligi kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana — jamiyatda fikrlar xilma-xilligini taʼminlash, axborot shaffofligi va xolis jurnalistik faoliyatni qoʻllab-quvvatlashning ramziy ifodasidir.
Soʻz erkinligi faqatgina huquq emas, balki javobgarlik, axloq va ongli faollikni ham nazarda tutadi. Bu prinsip fuqarolik jamiyatining barqarorligi, davlat faoliyatining ochiqligi va inson qadrining kafolati sifatida namoyon boʻladi.
Yurtimizda soʻz erkinligini taʼminlash, OAV faoliyatini erkin va mustaqil ravishda yoʻlga qoʻyish, axborot makonida yuksak madaniyat va masʼuliyat muhitini shakllantirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, OAV va blogerlar uchun yaratilayotgan huquqiy, texnologik va taʼlimiy sharoitlar soʻz erkinligining huquqiy kafolatlarini mustahkamlamoqda.
Ayni paytda, jamoatchilik fikrini tizimli va ilmiy asosda oʻrganish orqali soʻz erkinligiga boʻlgan ijtimoiy munosabatni chuqur tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maʼnoda, “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan oʻtkazib kelinayotgan sotsiologik soʻrovlar natijalari shundan dalolat beradiki, aholining aksar qismi fikr bildirish erkinligini jamiyat taraqqiyotining asosiy shartlaridan biri sifatida baholamoqda.
Fuqarolar axborot manbalarining xolisligi va davlat idoralarining ommaviy kommunikatsiyalar bilan hamkorligini yuqori baholamoqda. Xususan, yoshlar orasida internet va raqamli media manbalariga ishonchning ortishi jamiyatning axborot savodxonligi darajasini anglatadi.
Soʻz erkinligi — faqatgina jurnalist yoki bloger uchun emas, har bir ongli fuqaro uchun ham masʼuliyatdir. Haqiqatni izlash, xolis axborotni tarqatish va notoʻgʻri maʼlumotga qarshi turish har birimizdan axloqiy pozitsiya talab etadi.
3 may kunini nishonlash — bu haqiqatni himoya qilish, adolatni yoritish va fikrlar xilma-xilligini eʼtirof etish demakdir.