8

30 iyun — O‘zbekistonda Yoshlar kuni sifatida belgilanishi, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida aynan yoshlar turishini tasdiqlaydi. Bu sana nafaqat bayram, balki yosh avlod salohiyati, masʼuliyati va imkoniyatlariga qaratilgan davlat eʼtiborining institutsional ramzidir.

Bugungi global o‘zgarishlar, raqamli transformatsiya va intellektual raqobat sharoitida yoshlar mamlakat taraqqiyotining hal qiluvchi omiliga aylanmoqda. Yoshlik — bu faollik, yangicha fikrlash, tashabbus, jamiyatga daxldorlik tuyg‘usi shakllanadigan bosqichdir. Sotsiologiya nuqtai nazaridan, aynan shu bosqichda shaxsning fuqarolik pozitsiyasi va ijtimoiy identifikatsiyasi mustahkamlanadi.

"Ijtimoiy fikr" Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi ijtimoiy tadqiqotlar yoshlarning ongidagi muhim o‘zgarishlarni namoyon etmoqda. So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning aksar qismi o‘z kelajagini aynan O‘zbekiston bilan bog‘laydi, yoshlarga oid davlat siyosatiga ishonch bildirganlar soni ortib borayotgani kuzatilmoqda. Yoshlarning katta qismi jamoatchilik hayotida faol ishtirok etishni o‘zining fuqarolik burchi deb biladi.

Bu maʼlumotlar shundan dalolat beradiki, yoshlar nafaqat davlat yaratib berayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanmoqda, balki o‘zlarini jamiyatning muhim va taʼsirchan subyekti sifatida anglash darajasiga yetayotir.

Amaliy tahlillar yosh avlodning so‘nggi yillardagi yutuqlarini ham yaqqol ko‘rsatmoqda. Xususan, Xalqaro fan olimpiadalarida O‘zbekiston yoshlari oltin, kumush medallar bilan taqdirlangan. Yuqori texnologiyalar sohasida o‘zbekistonlik yosh dasturchilar, muhandislar va startapchilar xalqaro tanlov va bozorlarda o‘z o‘rniga ega bo‘lmoqda. Taʼlim sohasida Yevropa, AQSH, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarda tahsil olayotgan minglab talabalar mamlakatimizning ilmiy va intellektual kelajagini yaratmoqda. Yosh sportchilarimiz Osiyo va jahon chempionatlarida yuksak natijalarga erishib, millat sharafini munosib himoya qilmoqda. Yoshlar ishlari agentligi va boshqa tashkilotlar ko‘magida yuzlab startap va ijtimoiy loyihalar hayotga tatbiq etildi.

Bularning barchasi — zamonaviy yosh avlod salohiyati, jamiyatdagi rolning kuchayishi va davlat siyosati bilan o‘zaro hamkorlikni ifoda etadigan yorqin ko‘rsatkichlardir.

Hurmatli yoshlar! Sizlar — mamlakatimiz ravnaqi, yangilanish jarayonlari va kelajak sari intilishning asosiy kuchi hisoblanasiz. O‘z ustingizda tinimsiz ishlang, bilimli, vatanparvar, tashabbuskor va masʼuliyatli shaxs bo‘ling. Vatan taqdiriga daxldorlik, jamiyatga munosabat va mustaqil fikrlash sizning eng kuchli yutug‘ingiz bo‘lsin.

"Ijtimoiy fikr" Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi sizlarni 30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan chin qalbdan tabriklaydi. Yuksak marralar va milliy taraqqiyotga hissa qo‘shuvchi yutuqlar sizlarga hamroh bo‘lsin!