12.11.2024
47
10-noyabr — Tinchlik va taraqqiyot uchun Jahon fan kuni. Bu kun barqaror kelajakni taʼminlash va zamonamizning global muammolarini hal qilishda ilm-fanning muhim rolini taʼkidlaydi. Fan taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi boʻlib, sayyoramizda hayot sifatini yaxshilash va tinchlikni mustahkamlashga yordam beradi.
Butunjahon fan kuni olimlar, tadqiqotchilar, mutaxassislar, oʻqituvchilar, talabalar va ilm-fanning ahamiyatini qadrlaydigan barchani birlashtiradi. Ushbu kunni oʻtkazishdan asosiy maqsad ilm-fanning jamiyat taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi haqida xabardorlikni oshirish va jamiyat manfaati yoʻlida mehnat qilayotgan tadqiqotchilarning yutuqlariga eʼtiborni qaratishdan iborat. Mazkur kun, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, iqlim oʻzgarishi, barqaror rivojlanish va aholi salomatligi kabi asosiy muammolarni hal qilish uchun tadqiqot va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash muhimligini eslatadi. Ilm-fan insoniyatni birlashtirib, bizni umumiy manfaatlar yoʻlida birgalikda ishlashga ilhomlantirsin.
Mazkur kun munosabati bilan “Shonli tariximizdagi fidoyi olima ayollar” nomli yangi loyiha ishga tushdi. Ushbu loyiha, Olima-ayol – Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Wonder Women platformasining noyob maxsus loyihasi boʻlib, Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida yaratilgan. U olima ayollarning ilm-fandagi yutuqlari va ularning Oʻzbekiston ilmiy salohiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasiga bagʻishlangan.
Loyihadan koʻzlangan maqsad xotin-qizlarning ilm-fandagi ahamiyatini koʻrsatish, oʻsib kelayotgan yosh avlod qizlarni ilmiy kasb tanlashga undash hamda ilmiy izlanishlar olib borayotgan va mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirishga hissa qoʻshayotganlarni qoʻllab-quvvatlashdan iborat. Oʻzbekistonlik olima xotin-qizlar ajoyib kashfiyotlar qilib, tibbiyot va qishloq xoʻjaligidan tortib texnologiya va ekologiyagacha boʻlgan dolzarb masalalarni hal etish ustida ishlashmoqda.
Mazkur loyihaning birinchi videosini taqdim etishdi.