11

Adliya vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining tasdiqlangan ish rejasi doirasida X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida tanishuv tashrifi tashkil etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi sud-ekspertiza tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy ekspertlik tadqiqotlari, ilmiy-innovatsion yondashuvlar hamda jamoatchilik nazorati mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan ishlar yuzasidan oʻzaro fikr almashishdan iborat boʻldi.

Tashrif davomida ishtirokchilarga sud ekspertizalarini oʻtkazish jarayonlari, ekspertlik tadqiqotlarining zamonaviy metodlari, laboratoriyalar faoliyati, sohada raqamli texnologiyalardan foydalanish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarining ustuvor yoʻnalishlari haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi. Shuningdek, sud-ekspertiza tizimida ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik bilan samarali hamkorlikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Mazkur tadbirda «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori oʻrinbosari M. Seitov ishtirok etib, jamoatchilik institutlari va davlat organlari oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlash, ochiqlik tamoyillarini rivojlantirish hamda jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishning ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratdi. Tadbir davlat va jamoatchilik hamkorligini yanada kengaytirish, sud-ekspertiza sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlash hamda sohaning institutsional salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiluvchi amaliy muloqot maydoni sifatida ahamiyat kasb etdi.