29.01.2026
10
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi mamlakat aholisi oʻrtasida fuqarolarning kitob mutolaasi madaniyatini oʻrganishga qaratilgan keng koʻlamli sotsiologik tadqiqotni oʻtkazishni boshladi. Mazkur tadqiqot jamiyatda kitob oʻqish odatlarida yuzaga kelayotgan oʻzgarishlarni ilmiy asosda tahlil qilish, aholining mutolaaga boʻlgan qiziqishlari va afzalliklarini aniqlash hamda maʼnaviy-maʼrifiy muhitni takomillashtirishga xizmat qiluvchi aniq xulosalar ishlab chiqish zaruratidan kelib chiqqan holda tashkil etildi.
Tadqiqotning dolzarbligi bugungi raqamli axborot makoni sharoitida bosma kitob oʻqish anʼanalari bilan elektron va audioformatlar oʻrtasidagi nisbat oʻzgarib borayotgani, ijtimoiy tarmoqlar va tezkor axborot manbalari aholining oʻqishga boʻlgan munosabatiga taʼsir koʻrsatayotgani bilan izohlanadi. Shu nuqtai nazardan fuqarolarning qay darajada kitob mutolaasi bilan shugʻullanayotgani, qaysi janrlar va mualliflarga qiziqishi, mutolaa uchun qulay formatlarni tanlashi hamda oʻqishga ragʻbatlantiruvchi yoki cheklovchi omillarni aniqlash jamiyat maʼnaviy rivoji uchun muhim hisoblanadi.
Tadqiqotning asosiy maqsadi aholining kitob mutolaasiga boʻlgan munosabatini kompleks oʻrganish, oʻqish odatlari va qiziqishlarini ilmiy asosda baholash hamda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish boʻyicha amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat. Shuningdek, aholining kitob oʻqish chastotasini aniqlash; afzal janrlar va mualliflar yoʻnalishini oʻrganish; bosma, elektron va audiokitob formatlariga munosabatni tahlil qilish; mutolaa amalga oshiriladigan joylar va tillarni baholash; kitob tanlash usullarini ochib berish; oʻqishga undaydigan ragʻbatlar hamda cheklovchi sabablarni aniqlash; kitoblarni olish manbalari va imkoniyatlarini oʻrganishdan iborat.


