200

BAYRAM TABRIGI

 

 «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi barcha yurtdoshlarimizni muqaddas Qurbon hayiti bayrami bilan samimiy tabriklaydi! Dunyoda aziz va mukarram qilib yaratilgan insonni, uning shaʼni va qadr-qimmatini ulug‘lash kabi muqaddas tushunchalarni o‘zida aks ettirgan ushbu qutlug‘ ayyom barchamizga muborak bo‘lsin!

 Bayram munosabati bilan biz barcha yurtdoshlarimizga mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy tinchlik-xotirjamlik va farovonlik, xonadonlariga fayzu baraka, dasturxonlariga to‘kin-sochinlik tilaymiz. Muqaddas Haj ziyoratini ado etayotgan vatandoshlarimizning safarlari bexatar bo‘lib, ezgu amallarini Yaratganning o‘zi dargohida qabul aylasin!

Azaldan tinchlik, ezgulik va insoniylik dini bo‘lib tanilgan islom dini butun dunyo ahlini tinch-totuv, o‘zaro hamjihatlikda, do‘stu birodar bo‘lib yashashga daʼvat etadi. Hozirgi g‘oyat murakkab va tahlikali zamonda nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyoda tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash va mustahkamlash har bir inson uchun har qachongidan ham dolzarb hisoblanadi. Shunday ekan, o‘zaro hurmat, mehr-muruvvat, saxovat va hamjihatlik, sabru qanoat va shukronalik singari insoniy fazilatlarni ulug‘lab kelayotgan muborak Qurbon hayitining barhayot anʼanalari turli xalqlar va elatlarni birlashtiruvchi beqiyos maʼnaviy kuch bo‘lib xizmat qilaversin!

Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin, aziz yurtdoshlar!

 

 

                                                            “Ijtimoiy fikr” respublika

jamoatchilik fikrini

                                                                          o‘rganish Markazi