14.02.2024
183
14-fevral Zahiriddin Muhammad Boburning tugʻilgan kuni
Zahiriddin Muhammad Bobur tugʻilgan kun 14-fevral sanasi har yili yurtimizda adabiyot va ilm-maʼrifat bayrami sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Boburshunoslik sohasida koʻplab tadqiqotlar, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar muntazam oʻtkazilmoqda.
Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yilning 14 fevralida Andijonda dunyoga keladi. Zahiriddin Muhammad Bobur — buyuk oʻzbek shoiri, Oʻrta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida oʻziga xos oʻrin egallagan adib, mutafakkir, tarixchi, geograf va davlat arbobi, shuningdek, boburiylar sulolasi va saltanati asoschisi temuriy shahzodadir.
Zahiriddin Muhammad Bobur haqida soʻz borar ekan, uning tariximizda, adabiyotimizda beqiyos oʻrin tutganiga ahamiyat qaratish lozim. Ayniqsa, shoirning mumtoz sheʼriyatimizda yangicha ruh – Vatan va unga boʻlgan ishq ulugʻvorligi yoʻgʻrilgan sheʼrlari diqqatga sazovordir.
Ne yerda boʻlsang, ey gul andadur chun joni Boburning,
Gʻaribingʻa tarahhum aylagilkim, andijoniydir.
Toleʼ yoqi jonimgʻa baloligʻ boʻldi,
Har ishniki ayladim, xatoligʻ boʻldi.
Oʻz yerin qoʻyib, Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, ne yuz qaroligʻ boʻldi.
Boburning sheʼriy merosi koʻpqirrali va boy boʻlib, uning sheʼrlarida shaxsiy hayoti, atrof-muhiti va tarixiy hodisalar aks etilgan. Bobur sheʼriyatining asosini ishqiy-nasriy mazmundagi sheʼrlar tashkil etadi. Shoir sanʼati oʻziga xos adabiy uslub va mahorat, turkiy tilning ifodaliroq vositalari orqali tasvirlanadi.
Boburning sheʼriyatida, insonning axloqi va diniy mukammalligi masalalari koʻtarilgan. Shoir insonni yuqorilarga koʻtarib, unga ulkan hurmat ila munosabatda boʻladi, inson qadr-qimmatini baland qoʻyadi. Bu gʻoyalarga zid boʻlgan barcha narsaga qarshi chiqadi. Boburning fikricha, xudbinlik, hurmattalablik, qizgʻanchiqlik, manmanlik – noqobil sifatlardir. Shoir odamlarga samimiy maslahatlar beradi. Oʻzining ruboiylarida inson qanday qilib oʻzini maʼnan tarbiyalashi kerakligi haqida gapiradi.
Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan boʻlsa, serjilo oʻzbek tilida yozilgan “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi.
Mashhur “Boburnoma” – buyuk temuriylar tarixi (1494-1529 yillar voqealari), buyuk hokimiyat yaratilishidan soʻzlaydi. Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida “Boburnoma”ning 10 dan ziyod qoʻlyozma nusxalari saqlanadi. “Boburnoma” fors, golland, ingliz, fransuz, turk va rus tillariga tarjima qilingan.