13.01.2026
26
14-yanvar Vatan himoyachilari kuni yurt tinchligi, milliy xavfsizlik va barqaror taraqqiyot ramzi
14 yanvar Oʻzbekistonda mardlik, jasorat va Vatanga sadoqat timsoli boʻlgan ulugʻ sana. Bu kun mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligini himoya qilib kelayotgan harbiy xizmatchilar, huquq-tartibot organlari xodimlari hamda yurtimiz xavfsizligiga hissa qoʻshayotgan barcha fidoyi fuqarolarga chuqur hurmat va eʼtirof ifodalanadigan umummilliy bayram sifatida nishonlanadi.
Shu munosabat bilan «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan oʻtkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalari jamiyatda Vatan himoyachilari, armiya va vatanparvarlik qadriyatlariga boʻlgan munosabatning yuqori darajada shakllanganini yaqqol koʻrsatdi.
Soʻrov natijalariga koʻra, fuqarolarning mutlaq koʻpchiligi Qurolli Kuchlarni mamlakat xavfsizligi va barqarorligining asosiy kafolati sifatida qabul qiladi. Respondentlarning 82,8 foizi armiyani tinchlik va osoyishtalikni taʼminlovchi muhim institut deb baholagan boʻlsa, 76,6 foizi uni davlat mustaqilligining ramzi sifatida eʼtirof etgan. Bu koʻrsatkichlar jamiyat ongida armiyaning institutsional legitimligi va nufuzi yuqori ekanini tasdiqlaydi.
Tadqiqot natijalari vatanparvarlik tushunchasining mazmuni ham keng va chuqur idrok etilayotganini koʻrsatdi. Fuqarolar uchun vatanparvarlik, avvalo, oʻz mamlakatini sevish va hurmat qilish, qonunlarga rioya qilish va masʼuliyatli fuqaro boʻlish, hamda oʻz mehnati va faoliyati orqali Vatanga foyda keltirish bilan bogʻliq. Bu hol vatanparvarlik faqat hissiy tuygʻu emas, balki amaliy fuqarolik pozitsiyasi sifatida shakllanayotganidan dalolat beradi
Soʻrov davomida olingan maʼlumotlar harbiy xizmatga boʻlgan munosabat ham jamiyatda keng qoʻllab-quvvatlanayotganini koʻrsatdi. Respondentlarning 79,1 foizi armiyada xizmat qilishni har bir fuqaroning muqaddas vatanparvarlik burchi deb hisoblaydi. Shuningdek, aksariyat fuqarolar oʻz yaqinlarining Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishini xohlashini bildirgan boʻlib, bu koʻrsatkich 96,5 foizni tashkil etdi. Mazkur natijalar armiyaning jamiyat hayotiga chuqur integratsiyalashganini va harbiy xizmatning nufuzi tobora oshib borayotganini yaqqol namoyon etmoqda
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar Qurolli Kuchlarni modernizatsiya qilish, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, xizmat shart-sharoitlarini yaxshilash va harbiy taʼlim tizimini takomillashtirish jamoatchilik ishonchi va hurmatini yanada mustahkamladi. Sotsiologik maʼlumotlar bu islohotlar jamiyat tomonidan ijobiy baholanayotganini tasdiqlaydi.
Bugun Vatan himoyachisi bu nafaqat harbiy xizmatchi, balki davlatga sadoqat, qonunga hurmat va xalq manfaatlariga xizmat qilish timsolidir. Armiya jamiyatda fuqarolik masʼuliyatini shakllantiruvchi, yosh avlodni mardlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalovchi muhim ijtimoiy institut sifatida namoyon boʻlmoqda.
Shu ulugʻ ayyom munosabati bilan «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi yurtimizdagi barcha fuqarolarni Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabriklaydi. Barchangizga tinch va osoyishta hayot, mustahkam sogʻlik, farovonlik va yurtimiz taraqqiyoti yoʻlidagi ezgu ishlaringizda muvaffaqiyat tilaymiz. Vatanimiz osmoni doimo musaffo, xalqimiz hayoti barqaror boʻlsin.


