14

Oʻzbekistonda yoshlarning bandligini taʼminlash, mehnat bozorida ularning munosib oʻrniga erishishini qoʻllab-quvvatlash, taʼlim jarayoni bilan mehnat sohasi oʻrtasida samarali integratsiyani taʼminlash davlat siyosatida ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–616-sonli “Aholi bandligini oshirish va mehnat organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida aholining, ayniqsa yoshlarning mehnatga jalb etilishini taʼminlash uchun institutsional va tashkiliy chora-tadbirlar belgilangan.

Shu munosabat bilan, 2025-yil 18-aprel kuni Oʻzbekiston Milliy universitetida oʻtkazilgan mehnat yarmarkasida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi ham faol ishtirok etdi. Tadbirning maqsadi – talabalar va bitiruvchi mutaxassislarni mehnat bozoriga tayyorlash, ularni sohaga muvofiq ish oʻrinlari bilan tanishtirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va “Ijtimoiy fikr” markazidagi boʻsh ish oʻrinlari uchun istiqbolli yosh kadrlar salohiyatini aniqlashdan iborat boʻldi.

Markaz mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarga sotsiologik tadqiqot jarayonlari, jamoatchilik fikrini oʻrganish metodologiyasi, sohadagi amaliyot va stajirovka imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Yarmarka doirasida talabalar bilan ochiq muloqotlar oʻtkazilib, ularning kasbiy qiziqishlari, jamiyatga munosabati, mehnatga tayyorgarligi va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlish salohiyati oʻrganildi.

Mazkur tadbir mamlakatimizda olib borilayotgan “Yoshlar — Yangi Oʻzbekiston kelajagi” gʻoyasi doirasidagi davlat siyosatiga hamohang boʻlib, taʼlim muassasalari va davlat tashkilotlari oʻrtasida samarali hamkorlikni mustahkamlash, inson kapitalini yuksaltirish, sogʻlom fuqarolik jamiyatini shakllantirishga xizmat qiladi.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazining bu kabi tadbirlardagi ishtiroki yoshlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyish, ularning fikri va munosabatlarini oʻrganish hamda bu orqali davlat boshqaruvi qarorlarini ilmiy asosda shakllantirish imkonini yaratadi. Shuningdek, mehnat yarmarkalari orqali fuqarolarning sotsiologik madaniyatini oshirish, ularni ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishga undash borasida muhim ilmiy-amaliy mexanizm shakllanadi.