03.03.2026
17
Joriy yilning 25 fevral kuni Toshkent shahrida IT sohasidagi nufuzli tadbirlardan biri “Uzbekistan Tech Certifications Summit 2026” boʻlib oʻtdi. Ushbu sammitda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi vakillari ham ishtirok etdi.
Tadbirda Markaz Axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi xizmati mudiri Muratov Timur Raviyevich hamda Axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi xizmati mutaxassisi Nabiyev Azim Akramovich ishtirok etishdi.
Sammit doirasida xalqaro sertifikatlashtirish tizimlarining raqamli transformatsiya jarayonlaridagi ahamiyati, kiberxavfsizlik, bulut texnologiyalari va loyihalarni boshqarish sohalaridagi zamonaviy tendensiyalar muhokama qilindi. Shuningdek, davlat va xususiy sektorda IT-infratuzilmani xalqaro standartlar asosida takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbirda ishtirok etish Markaz faoliyatida axborot xavfsizligini mustahkamlash, raqamli jarayonlarni optimallashtirish hamda xalqaro standartlarga muvofiq IT-boshqaruv tizimini rivojlantirish borasida muhim ahamiyat kasb etdi. Sammit davomida sohadagi yetakchi mutaxassislar bilan fikr almashildi, hamkorlik aloqalarini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Olingan bilim va tajribalar Markazning raqamli rivojlanish strategiyasini yanada takomillashtirish, maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash va sotsiologik tadqiqotlar jarayonida axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishga xizmat qiladi.



